
Ikki klub haqiqat deb bilgan narsasi uchun bir-birini parchalashga tayyor. To‘g‘rirog‘i, har biri o‘zicha haqiqat deb hisoblaydigan narsa uchun...
Negreyra ishi shunday axborot urushiga aylandiki, unda prezidentlarning har bir so‘zi jamoatchilik fikri tarozisida o‘lchanadi, telekanallar esa targ‘ibot quroliga aylanmoqda. Joan Laporta Real Madrid TV’ni «yolg‘on qusadigan ayanchli telekanal» deb atadi.
Florentino Peres Negreyra ishini «futbol tarixidagi eng yirik mojaro» deya ta’rifladi. Xavyer Tebas «Real»ni teatrbozlikda aybladi.
Hakamlar assotsiatsiyasi esa arbitrlarni himoya qildi. Laporta sudda qariyb bir soat bo‘lib, 2001–2018 yillarda hakamlar texnik qo‘mitasi sobiq vitse-prezidenti Xose Mariya Enrikes Negreyraga to‘lovlar bo‘yicha savollarga javob berdi.
Mundo Deportivo talqiniga ko‘ra, «Barsa» prezidenti Negreyra yoki uning o‘g‘li bilan hech qachon uchrashmaganini aytgan. To‘lovlar haqida u faqat 2003 yilda, prezident etib saylangach xabar topgan va bu xizmatlarni foydali deb bilgan.
Birinchi prezidentlik muddati davridagi hujjatlar belgilangan tartibga ko‘ra besh yildan so‘ng yo‘q qilingan. Hisobotlar tasodifan shkafning eng pastidagi qutilardan topilgan: 2014–2018 yillarga oid 629 ta hujjat.
Laporta 18 yil davomida yetti million yevrodan ortiq to‘lovni muhim xizmatlar uchun oqilona summa deb atadi. Xususiy ayblovchi sifatida qatnashayotgan «Real» yuristlari 12 ta savol berdi: 2005 yilgi hisob-fakturadagi 60 ming yevrolik aloe vera sovg‘a to‘plamlari, 2010 yilgi Jahon chempionati epizodlarini turnir boshlanishidan oldin raqamlashtirish uchun to‘lov, to‘lovlarning 800 foizga oshishi va soliq idorasidan yashirish haqidagi masalalar.
Savollarning aksariyatiga Laporta «eslay olmayman», «tafsilotini bilmayman», «hisobni kim chiqargan bo‘lsa, o‘shandan so‘rang» kabi javoblar berdi. Prezident bunday masalalarga chuqur kirmasligini ta’kidladi: umumiy yo‘nalishni belgilaymiz, tafsilotlar esa bizning ishimiz emas.
O‘sha kuni «Barselona»ning sobiq murabbiylari Luis Enrike va Ernesto Valverde videaloqa orqali ko‘rsatma berdi. Ikkalasi ham Negreyra hisobotlarini hech qachon ko‘rmaganini aytdi.
Enrike olti yil ishlagan davrida ularga bunday hujjatlar biror marta ham ko‘rsatilmaganini, taklif ham qilinmaganini urg‘uladi. Valverde esa bunday hisobotlar ko‘plab klublarda bo‘lishini, «Atletik»da ham borligini, biroq u ularga qiziqmaganini qo‘shimcha qildi.
«Real»da liga va federatsiyaning sustligi haqiqat tagiga yetishga istak yo‘qligini ko‘rsatadi, deb hisoblashmoqda. Bu La Liga prezidenti Xavyer Tebasning so‘zlari va hakamlar texnik qo‘mitasi rahbari Fran Sotoning «ishni unutib, ortda qoldirish kerak» degan bayonoti fonida mantiqli ko‘rinadi.
Hakamlar assotsiatsiyasi bayonot chiqardi: tergov davomida birorta arbitr javobgarlikka tortilmagan, hakamlar korrupsiyasi haqidagi ayblovlar esa asossiz deb topilgan. Peres maxsus matbuot anjumanida batafsil ayblov bilan chiqdi: «Hakamlar assotsiatsiyasi prezidenti futbol tarixidagi eng yirik mojaroni unutishni qanday so‘rashi mumkin?
— deya norozilik bildirdi u. — Federatsiya va liga qanday qilib shunday tutumda bo‘lishi mumkin?!» Sudya bo‘layotganlarni tizimli korrupsiya deb atadi.
«Barsa»ning o‘zi to‘lovlarni tan olgan. Bu foydali bo‘lgan.
Nega? Nima uchun?
Laporta bunga «o‘tkir barselonit» atamasi bilan javob qaytardi — madridizm yuragida ildiz otgan, «Barsa»ga nisbatan yengib bo‘lmas berilish. «Ular aslida tashvishlanishi kerak bo‘lgan narsalardan ko‘ra biz bilan ko‘proq band.
Bu esa bizning foydamizga ishlaydi», — dedi prezident. Real Madrid TV Laportaning Negreyra bilan tanish emasligi haqidagi so‘zlari keltirilgan lavhani namoyish qildi.
«Eslatib o‘tamiz, sudda yolg‘on gapirish — jinoyat», — dedi boshlovchi sud zalidan olingan kadrlar fonida. «Barselona» prezidentligiga nomzod Viktor Font bundan ham keskinroq fikr bildirdi.
Uning aytishicha, Laporta natijalarga ta’sir o‘tkazgani uchun «Real»ni sudga berishi kerak. Bu — tarixdagi eng shubhali sovrinlarga ega klub.
XX asrda hakamlar texnik qo‘mitasining o‘n nafar raisi «Real» bilan bog‘liq bo‘lgan. Prokuratura hakamlar tizimida muhim lavozimni egallagan shaxsga 7,7 million yevro to‘lashni jinoyat deb hisoblaydi.
«Barselona» esa hakamlik bo‘yicha maslahat xizmatlari va texnik hisobotlar uchun pul to‘laganini aytmoqda. Negreyra arbitrlar faoliyatiga ta’sir o‘tkazish uchun pora olganini inkor etadi.
To‘lovlar bilan hakamlarga aniq ta’sir o‘rtasidagi bog‘liqlik isbotlanmagan. Ishning salmoqli qismi pul yuvish gumonlariga taalluqli bo‘lib, bu texnik jihatdan hakamlar fitnasini isbotlashni talab qilmaydi.
Shu sabab tergov ikki yo‘nalishda ketmoqda va cho‘zilmoqda. Ta’sir faktini isbotlashmasa ham, to‘lovlarning o‘zi jinoyat deb topilishi mumkin.
«Real» yakuniy qaror chiqmaguncha xususiy ayblovchi bo‘lib qolish niyatini bildirdi. Laporta esa klub xodimlari uchun Rojdestvo kechki ovqatida hokimiyatni despotizm bilan adashtiradiganlar, gerb va qadriyatlarni obro‘sizlantirish kampaniyasini olib borayotganlar haqida gapirdi.
«Barsa» yana kuchli, ularga tarixni buzib ko‘rsatish nasib etmaydi. Har kim ko‘rpani o‘ziga tortmoqda.
Har kim o‘z haqiqatiga ishonadi. Haqiqat esa qayerdadir o‘rtada — o‘sha shkaf tubidagi qutilarda, hujjatlar har besh yilda yo‘q qilinadigan joyda.
Ispan futboli serialga arzigulik mojaro oldi: korrupsiya ayblovlari, targ‘ibot telekanallari, sud janglari va oxirigacha borishga tayyor prezidentlar. Savol bitta: bu yakun qachon keladi?
Va mamlakatning ikki eng buyuk jamoasi bir-birini parchalashni to‘xtatgach, ispan futbolidan nima qoladi? Arman Tigranyants
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.