
Ukraina futbol assotsiatsiyasining (UFA) sobiq rahbari Andrey Pavelko mamlakat hududini tark etganidan so‘ng rasman qidiruvga berildi. Kiyev shahri Ichki ishlar vazirligi 25 dekabr, payshanba kuni kechqurun uni tergovdan qochib yurgan shaxslar ro‘yxatiga kiritgan.
IIV tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Pavelkoning “yo‘qolgan sana”si sifatida 2025 yil 5 noyabr qayd etilgan. Tergov organlari unga Ukraina Jinoyat kodeksining 191-moddasi 5-qismi — xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilgan holda mulkni o‘zlashtirish yoki isrof qilish, shuningdek 366-modda 1-qismi — xizmat hujjatlarini soxtalashtirish bo‘yicha ayblov qo‘ymoqda.
Ma’lumot uchun, Andrey Pavelko 2015 yil mart oyidan 2024 yil yanvar oyigacha avval Ukraina futbol federatsiyasi, keyin esa u qayta nomlanganidan so‘ng Ukraina futbol assotsiatsiyasiga rahbarlik qilgan. Uning rahbarlik davri mamlakat futboli uchun eng murakkab yillarga to‘g‘ri kelgan.
Ukrainada urush boshlanganidan keyin, aniqrog‘i 2022 yil noyabridan buyon Pavelko futbol maydonlari uchun sun’iy qoplama ishlab chiqaradigan zavod qurilishi bilan bog‘liq jinoyat ishida asosiy figurantlardan biri sifatida tilga olinib kelinmoqda. Tergov versiyasiga ko‘ra, mazkur loyiha doirasida katta miqdordagi byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lum qilishicha, UFA mansabdor shaxslari uskunalar xarid qilish jarayonida 26,5 million grivna, ya’ni taxminan 600 ming yevroga teng mablag‘ni o‘zlashtirgan. Bu ish doirasida futbol assotsiatsiyasining sobiq bosh kotibi Yuriy Zapisotskiyga nisbatan ham ayblovlar qo‘yilgan.
Qayd etilishicha, Andrey Pavelko 2023 yil iyun oyidan 2024 yil fevral oyigacha qamoqda saqlangan. Ammo tergov izolyatoridan ozod etilgandan so‘ng u Ukraina hududini tark etishga muvaffaq bo‘lgan. Hozircha u mamlakatni qanday tarzda tark etgani va ayni damda qayerda ekani haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.
Qisqasi, Ukraina futbolini uzoq yillar boshqargan shaxs atrofidagi mojaro yangi bosqichga chiqdi. Endi bu ishning qanday yakun topishi va Pavelko qachon topilishi mamlakat jamoatchiligi diqqat markazida bo‘lib turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.