
Osiyo futbol konfederatsiyasi rasman yangi musobaqa — OFK Millatlar ligasi tashkil etilishini ma’lum qildi. Yangi turnir qit’adagi milliy terma jamoalar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirish, shuningdek, FIFA xalqaro kunlari doirasida o‘tkaziladigan uchrashuvlarning sportiy va amaliy ahamiyatini oshirishni ko‘zlaydi.
Qayd etilishicha, musobaqada OFK tarkibiga kiruvchi barcha 47 ta milliy federatsiya ishtirok etadi. Asosiy g‘oya — har bir terma jamoani o‘z saviyasiga yaqin raqiblar bilan muntazam bahsga kiritish, o‘yinlar sifatini yaxshilash va turnir kalendarini tizimli holga keltirishdan iborat.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, OFK Millatlar ligasi to‘rtta divizionga — A, B, C va D ligalariga bo‘linadi. Har bir ligada 3 yoki 4 tadan guruh shakllantirilishi rejalashtirilgan. Bu tizim Yevropa Millatlar ligasiga o‘xshash tarzda ishlaydi, ammo Osiyo futboli xususiyatlariga moslashtiriladi.
Eng yuqori — A ligada ishtirok etuvchi eng kuchli jamoalar o‘rtasida alohida kurash kuzatiladi. Ushbu ligada guruh bosqichidan so‘ng eng yaxshi 4 terma jamoa yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi va chempionlik uchun bahs olib boradi. Biroq natijalari qoniqarsiz bo‘lgan so‘nggi 3 jamoa keyingi mavsumda B ligaga tushib ketadi.
B, C va D ligalarida esa final yoki yarim final bosqichlari nazarda tutilmaydi. Bu yerda asosiy e’tibor guruh o‘yinlariga qaratiladi. Guruh g‘oliblari yoki eng yaxshi ko‘rsatkichga ega jamoalar yuqori ligaga ko‘tarilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, past natija qayd etgan 3 tadan jamoa quyi divizionga tushiriladi. Faqat D ligada ishtirok etuvchilar uchun pastga tushish mexanizmi mavjud emas.
Musobaqaning asosiy maqsadi — milliy terma jamoalar o‘rtasida teng raqobat muhitini yaratish, har bir uchrashuvni ahamiyatli qilish va futbolning sportdan tashqari iqtisodiy salohiyatini ham oshirishdan iborat. Teletranslyatsiyalar, homiylik va muxlislar qiziqishi nuqtayi nazaridan ham turnir katta loyiha sifatida qaralmoqda.
OFK tomonidan musobaqaning to‘liq reglamenti, taqvimi va saralash mezonlari keyinchalik alohida e’lon qilinishi bildirildi. Ilk prognozlarga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi yangi turnirda eng yuqori — A ligada ishtirok etishi kutilmoqda. Bu esa “oq bo‘rilar” uchun qit’aning eng kuchli jamoalariga qarshi muntazam va jiddiy o‘yinlar o‘tkazish imkoniyatini yaratadi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.