
«Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola Angliya chempionligi uchun kurash tobora qizib borayotgan bir paytda jamoasining hozirgi holati va maqsadlari haqida o‘z mulohazalarini bildirdi.
Ma’lumki, ayni paytda «shaharliklar» APL turnir jadvalida peshqadam "Arsenal"dan ikki ochko ortda qolib, ikkinchi pog‘onada joylashgan. Biroq Gvardiola bu vaziyatni fojea sifatida qabul qilmayotganini ochiq aytdi.
«Albatta, hammadan 10 ochko oldinda bo‘lishni istardim. Lekin real holat hozir shunday. “Arsenal” juda yuqori darajada o‘ynamoqda, buni tan olish kerak. Shunga qaramay, biz chempionlik kurashidan chiqib ketganimiz yo‘q. Hozir faqat dekabr oyining oxiri, mavsum esa juda uzun», — dedi mutaxassis.
Ispaniyalik murabbiy jamoaning barcha frontlarda raqobatbardosh ekanini ham alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Manchester Siti» Chempionlar ligasida ham yuqori o‘rinlar uchun kurashmoqda, Liga kubogida yarim finalga yetib kelgan va yaqin orada Angliya kubogida ham o‘z yo‘lini boshlaydi.
«Eng muhimi, asosiy futbolchilarimiz asta-sekin safga qaytyapti. Shu sababli biz shoshilmasdan, bosqichma-bosqich oldinga harakat qilamiz», — deya xulosa qildi Gvardiola.
Bu bayonot «Manchester Siti»ning mavsum oxiriga qadar chempionlik uchun jiddiy raqobatchi bo‘lib qolishini yana bir bor tasdiqlab turibdi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.