
O‘tgan mavsum La Liga futbolchilari orasida ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p haqorat va nafratli munosabatga duch kelgan o‘yinchi sifatida «Barselona» vingeri Lamin Yamal qayd etildi. Bu haqda Ispaniyada irqchilik va ksenofobiya holatlarini kuzatib boruvchi OBERAXE markazi tayyorlagan tahlilda ma’lum qilingan.
Hisobotga ko‘ra, monitoring jarayonida jami 33 mingdan ortiq haqoratomuz va nafrat uyg‘otuvchi postlar aniqlangan. Ularning taxminan uchdan bir qismi ijtimoiy tarmoqlar tomonidan o‘chirib tashlangan. Aniqlangan barcha salbiy izohlarning 60 foizi aynan Yamalga qarshi yo‘naltirilgani e’tiborga molik.
Ro‘yxatda ikkinchi o‘rinni «Real» hujumchisi Vinisius Junior egalladi — unga nisbatan barcha nafratli postlarning qariyb 29 foizi to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Kilian Mbappe va Aleks Balde (3 foizdan), Brahim Dias hamda Inyaki Uilyams (2 foizdan) ham eng ko‘p haqoratga uchragan futbolchilar qatoriga kiritilgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, nafratli izohlar soni eng yuqori darajaga 2024 yil 27–28 oktyabr kunlari o‘tkazilgan «El-Klasiko» uchrashuvi paytida chiqqan. Bundan tashqari, «Malorka» — «Barselona», «Atletiko» — «Real» bahslari, Ispaniya Superkubogi o‘yinlari hamda ramazon oyida ayrim futbolchilarning ro‘za tutishi bilan bog‘liq mavzular atrofida ham salbiy faollik keskin oshgan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, internet makonidagi nafratdan eng ko‘p jabr ko‘rayotganlar — Shimoliy Afrikadan kelgan futbolchilar (42 foiz) va musulmon o‘yinchilar (41 foiz) hisoblanadi. Bu holat futbolda nafaqat maydonda, balki axborot makonida ham jiddiy muammolar saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.