
«Manchester Siti»da doimiy asosiy tarkibdan joy topa olmayotgan Natan Ake uchun 2026 yilgi jahon chempionati masalasi juda muhim. Mundialda ishtirok etish uchun himoyachiga barqaror o‘yin amaliyoti kerak. Shu sabab, 30 yoshli niderlandiyalik markaziy himoyachi yanvar oyida klubini o‘zgartirish haqida jiddiy o‘ylab qolgan.
Shu paytgacha Ake bo‘yicha asosiy da’vogar sifatida «Barselona» tilga olinayotgandi. Kataloniyaliklar uni markaziy himoyachi Andreas Kristensenning og‘ir jarohatidan keyin paydo bo‘lgan bo‘shliqni to‘ldirish uchun olib kelishni rejalashtirayotgani aytilgan.
Biroq Caught Offside xabariga ko‘ra, bu transferda intriga kuchaya boshladi: APLning o‘zida Ake uchun talabgorlar soni ko‘payib ketgan. Xususan, «Bornmut», «Kristal Pelas», «Fulxem» va «Vest Xem» himoyachini Kataloniyaga ketishidan qaytarib qolishi mumkin.
Eng qizig‘i, ingliz klublari «Barselona»dan farqli ravishda Akeni to‘liq transfer asosida olish variantini o‘rtaga qo‘yyapti. «Shaharliklar» esa 30 yoshli futbolchini 30–35 million yevro atrofidagi summa evaziga qo‘yib yuborishga tayyorligi aytilmoqda. Moliyaviy cheklovlar sabab «Barselona» uchun to‘liq sotib olish varianti qiyinlashishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Ake 2020 yil yozidan beri «Manchester Siti» safida to‘p suradi. Joriy mavsumda u barcha musobaqalarda 13 o‘yinda qatnashdi, ammo hozircha natijali harakatlar bilan ko‘zga tashlangani yo‘q.
Futbolchining klub bilan shartnomasi 2027 yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra esa, Akeni bozor bahosi 18 million yevro atrofida ko‘rsatilgan.
Qisqasi, Akening qishki qarori faqat transfer emas — bu uning mundialga yo‘liga ta’sir qiladigan katta burilish. Endi esa savol bitta: u «Barsa» tomon yo‘l oladimi yoki APLda qolib, har hafta maydonga tushish kafolatini tanlaydimi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.