O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Eron klubiga o‘tdi

O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Igor Sergeyev faoliyatini Eronda davom ettiradi. Futbolchi Tehronning “Persepolis” klubi bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Transfer klub matbuot xizmati tomonidan rasman tasdiqlandi. “Igor Sergeyev biz bilan. ‘Persepolis’ga xush kelibsiz”, — deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sergeyevning Eronning “Sepahan” klubiga yaqin ekani haqida mish-mishlar tarqalgan edi.
32 yoshli forvard o‘tgan mavsum O‘zbekiston Superligasida “Paxtakor” tarkibida eng sermahsul futbolchilardan biri bo‘ldi: 29 uchrashuvda 20 gol urdi va 3 assist qayd etdi.
Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Igor Sergeyev mamlakatning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan, uning taxminiy transfer qiymati 1,2 million dollar atrofida baholanmoqda.
Sergeyev 2021–2023 yillarda Qozog‘iston chempionatida ham to‘p surgan — “Aqtobe” va “Tobol” jamoalari sharafini himoya qilgan. Kostanay klubi bilan birga milliy chempionat oltin medallarini qo‘lga kiritgan.
Hozirda “Persepolis” Eron chempionatida 28 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!