Manchester Yunayted JCh-2026dan keyin Anchelottini olib kelishi mumkin

Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti «Manchester Yunayted»da bo‘shashi mumkin bo‘lgan bosh murabbiylik o‘rni uchun navbatdagi jiddiy nomzod sifatida tilga olinmoqda. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Daily Mail jurnalisti Kris Uiler xabariga ko‘ra, «qizil iblislar» 2026 yilgi jahon chempionati yakunidan so‘ng italiyalik mutaxassisni jamoaga taklif etish variantini ko‘rib chiqmoqda. Bu ssenariy klub yozgacha vaqtinchalik murabbiy bilan ishlasa va rahbariyat Anchelottidan boshqa munosib nomzodni topa olmasa, amalga oshishi mumkin.
Anchelotti Braziliya terma jamoasi bilan 2025 yil may oyida shartnoma imzolagan. Bungacha u to‘rt yil davomida «Real»ni boshqargan. Tajribali murabbiy faoliyati davomida «Rejiana», «Parma», «Yuventus», «Milan», «Chelsi», «PSJ», «Bavariya», «Napoli» va «Everton» klublarida ham ishlagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!