Husanov bugun “Ekseter Siti”ga qarshi asosiy tarkibda tushadimi?

Angliya kubogining 1/32 final bosqichida “Manchester Siti” o‘z maydonida “Ekseter Siti”ni qabul qiladi. Ushbu to‘qnashuv oldidan bir qator sport nashrlari va klubga ixtisoslashgan manbalar ehtimoliy tarkiblarni e’lon qilib, uchrashuv atrofidagi qiziqishni yanada oshirdi.
SportsMole xabariga ko‘ra, Xosep Gvardiola bu bahsni asosiy tarkibdagi ayrim futbolchilarni dam oldirish uchun qulay imkoniyat sifatida ko‘ryapti. Shu bilan birga, jamoa akademiyasida o‘sib kelayotgan bir nechta yosh iqtidorlar maydonga tushirilishi mumkin. Manbada Abduqodir Husanovning ham ushbu o‘yinda zaxirada qoldirilishi ehtimol qilingan.
SportsMole versiyasidagi tarkib quyidagicha keltirilgan: Trafford, Lyuis, Mfuni, Alleyn, Neylor, Grey, J. Heski, Makeydu, Cherki, R. Heski, Mukasa.
Biroq “Manchester Siti” faoliyatini doimiy ravishda yoritib boruvchi CityXtra sayti bu masalada boshqacha prognoz bermoqda. Ularning yozishicha, bugungi uchrashuvda Abduqodir Husanov asosiy tarkibdan joy olishi mumkin. Ya’ni, o‘zbek himoyachisi bugun maydonni birinchi daqiqalardan boshlab ko‘rishi ehtimoli ancha yuqori.
CityXtra versiyasi: Trafford, Lyuis, Husanov, Alleyn, Ake, Niko, Reynders, Bernardu, Cherki, Mukasa, Dok-u.
Ma’lumot uchun, “Manchester Siti” — “Ekseter Siti” uchrashuvi Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da start oladi. Endi eng asosiy savol — Gvardiola haqiqatan ham yoshlarga ishonadigan kecha qiladimi va Husanov bu imkoniyatdan qay darajada foydalana oladi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!