Gvardiola "Nyukasl"ga qarshi ajoyib o‘yindan so‘ng nimalar dedi?

Angliya Liga kubogi yarim final bosqichidagi ilk to‘qnashuvda “Manchester Siti” “Nyukasl” ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, javob bahsi oldidan o‘ziga ancha qulay zahira yaratib oldi. Uchrashuvdan keyin “shaharliklar” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola natija va o‘yin manzarasiga to‘xtalib, ayrim futbolchilarning harakatini alohida e’tirof etdi.
Ispaniyalik mutaxassisning ta’kidlashicha, bu bellashuv ayniqsa Maks Alleyn uchun jiddiy sinov vazifasini o‘tagan. Gvardiola uning yonida maydonga tushgan himoyachilar — hamyurtimiz Abduqodir Husanov va Natan Akening qo‘llab-quvvatlagani, o‘yin davomida yordam berganini qayd etdi.
“Bu o‘yin Maks Alleyn uchun yaxshi sinov edi. Uni Abduqodir Husanov va Natan Ake qo‘llab-quvvatladi, bellashuv davomida yordam berdi. Niko O’Rayli ham yangi pozitsiyada juda yaxshi harakat qildi. Birinchi taymda hujumchilarimiz bir-biriga bog‘lanmadi. Ikkinchi taymda Erling va, ayniqsa, Antuan ancha samarali harakat qildi”, — dedi Gvardiola.
Darhaqiqat, birinchi bo‘limda “Siti”dagi hujum chizig‘i kutilgan darajada “bir tan-u bir jon” bo‘la olmadi: paslar kechikdi, harakatlar bir nuqtada tutashmadi. Ammo tanaffusdan keyin “shaharliklar” o‘yin tezligini oshirdi, bosimni kuchaytirdi va imkoniyatlardan ko‘proq unumli foydalana boshladi. Gvardiola tilga olgan Erling Xoland hamda Antuan Semenyoning ikkinchi taymdagi faolligi aynan shu o‘zgarishlarning asosiy sabablaridan biri bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, “Manchester Siti” navbatdagi bahsni APL doirasida prinsipial raqib — “Manchester Yunayted”ga qarshi o‘tkazadi. Manchester derbisi 17 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi. Muxlislar esa allaqachon shu o‘yinni kutib turibdi: chunki bunday g‘alabalar — keyingi katta to‘qnashuvlar oldidan jamoaga nafaqat ochko, balki ruhiy kuch ham beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!