Gvardiola Semenyoning «Siti»dagi dastlabki o‘yinlarini yuqori baholadi

«Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola yangi transfer, «Bornmut»dan 75 million yevrolik vinger Antuan Semenyoning jamoadagi dastlabki o‘yinlarini tahlil qilib, uning o‘yiniga yuqori baho berdi.
Gvardiola BBS nashriga bergan intervyusida shunday dedi:
“Biz «Bornmut» Semenyo bilan qanday ajoyib ish olib borganini ko‘rdik. Hozir uning o‘yiniga qarasam, to‘p har gal unga kelganda, u doimo to‘g‘ri joyda bo‘lib, vaziyatdan foydalanishga tayyor turadi”.
Ganalik futbolchi “Manchester Siti” safida ikki o‘yinda maydonga tushdi va har ikkala uchrashuvda ham samarali harakat qildi. Undagi faollik, ayniqsa, Angliya Kubogi doirasidagi “Ekseter”ga qarshi o‘yinda namoyon bo‘ldi. U ushbu bahsda gol urib, yana bir golli uzatmani amalga oshirdi.
Shuningdek, Angliya Liga kubogi yarimfinalidagi “Nyukasl”ga qarshi o‘yinda Semenyo o‘yinning hal qiluvchi golini urib, jamoasining 2:0 hisobidagi g‘alabasiga hissa qo‘shdi.
Joriy mavsumda, 26 yoshli Semenyo barcha musobaqalarda 23 ta o‘yin o‘tkazib, 12 ta gol urib, 4 ta golli uzatma berdi. Uning faolligi va samaradorligi jamoa uchun juda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Gvardiola o‘zining jamoasida bu yangi a’zoning qanday katta hissa qo‘shayotganini ta’kidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!