Xabi Alonso va "Real"ning kelajagi: Boshqaruvdagi yangi yo‘nalish...

Xabi Alonsoga o‘xshash murabbiyni taklif qilgan klubda keyingi qadamlar ham aniq bo‘lish kerak. Masalan jamoa yangi strukturaga ko‘nikishi uchun ma’lum vaqt berish. Busiz dastlabki qarorning mazmuni yo‘qoladi.
Ha, Xabi Alonso bir narsani jamoaga kelgachgina bildi - futbolchilarning ko‘nikishi u o‘ylaganidan ham qiyinroq bo‘lib chiqdi. Normal ish jarayoni. Demak, hammasi silliq kechmaydi, muammolar bo‘ladi, ammo hal qilinadi - algoritm bor. Ziddiyat paydo bo‘lganda murabbiyning yonida turish, futbolchilarga «shu murabbiyning aytgani bo‘ladi, aks holda sizlardan voz kecha olamiz» degan fikrni singdirish. Bu o‘sha algoritmning Peres qilishi kerak bo‘lgan tomoni. Aks holda hammasi buziladi. Dastlabki qaror ma’nosini yo‘qotadi.
Klub shu ishni qilishni o‘rniga avval tomoshabin bo‘ldi, keyin esa Alonsoga ultimatum qo‘ya boshladi. Shu o‘yinni yutmasang, ketasan, bunisini yutqazsang ketasan deb. Futbolchilarni Alonsoga muhtoj qilish o‘rniga Alonsoning taqdirini futbolchilarga topshirib qo‘ydi.
Vinisius xato qilib, yana murabbiydan kechirim so‘ramagani va bu uchun unga hech narsa bo‘lmagani katta signal. Futbolchilar bu borada sezgir bo‘lishadi, ishonavering.
Algoritm buzildi. Dastlabki qarorning mazmuni yo‘qoldi. Alonsodan Anchelottilikni talab qilish mantiqsizmasmi? Unda nega Karlo ketdi?
Shu yerda o‘ylab qoldim. O‘zi Peres uchun dastlabki qaror mazmuni nima edi? Nihoyat jamoani zamonaviy struktura asosida yashaydigan tizimga aylantirishmi? Xuddi biz tushungandek?
Balki Peres uchun qarorning mazmuni boshqadir? Doimgidek. Xuddi Bekxem, Azar, Mbappe bilan bo‘lganidek - dunyoda eng yaltirab turgan javohirni Madridga olib kelish. Buyuklik namoyishi.
Xabi Alonso biz uchun tizimli, zamonaviy, yangi «Real»ni qurishi mumkin bo‘lgan mutaxassis. Shunga ko‘ra fikrlaymiz, vaqt so‘raymiz va hokazo...
Peres uchun esa Alonso dunyoning eng zo‘r treneri edi, tamom.
@aslanov_futbol kanalidan olindi
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!