Gvardiolani yangi kashfiyoti: Abduqodir Husanov APLda yetakchilar qatorida

Angliyaning «Manchester Siti» klubi va O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov Britaniya matbuoti diqqat markaziga tushdi. Mashhur «SQUAWKA.com» portali hamyurtimizning Tumanli Albiondagi mashaqqatli yo‘li va qisqa vaqt ichida erishgan ulkan yutuqlariga bag‘ishlangan tahliliy maqolasini e’lon qildi.
Xatodan g‘alaba sari: Debyutdagi sinov
Husanovning «shaharliklar» safidagi ilk qadamlari ancha murakkab kechdi. «Chelsi»ga qarshi o‘yindagi jiddiy xato golga olib kelganida, ko‘pchilik yosh himoyachining kelajagiga shubha bilan qaragan edi. Biroq «Lans»ning sobiq vakili iroda ko‘rsatib, muxlislarning ishonchini qayta qozona oldi.
Bu yerda Pep Gvardiolaning rolini alohida ta’kidlash lozim. Tajribali murabbiy til bilmaydigan va ruhiy bosim ostida qolgan 21 yoshli yigitni ketma-ket olti o‘yinda asosiy tarkibga tushirib, unga bo‘lgan yuksak ishonchini amalda isbotladi.
Statistika hayratda qoldirmoqda
Abduqodir Husanov nafaqat jismoniy kuchi, balki intellektual o‘yini bilan ham ajralib turibdi. Ayniqsa, uning «Nyukasl»ga qarshi bahsdagi harakatlari tahlilchilarni lol qoldirdi:
- Podkat ustasi: Husanov podkatlarni samarali bajarish bo‘yicha 91,7% ko‘rsatkich bilan butun APLda 5-o‘rinni egallab turibdi. Bu borada u yulduzli jamoadoshi Yoshko Gvardiolga (94,7%) yaqinlashib qoldi.
- Paslar qiroli: «Nyukasl» bilan o‘yinda u 58 ta uzatmani amalga oshirib, jamoada eng yaxshi natija qayd etdi. Paslarning aniqligi esa 93,5% ni tashkil etdi.

Gvardiola: «U biz uchun muhim transfer»
Pep Gvardiola o‘zbek futbolchisining mashg‘ulotlardagi mehnatkashligi va maydondagi sovuqqonligini yuqori baholadi:
«Husanov bizga juda ko‘p yordam bermoqda. U hali yosh va o‘rganishi kerak bo‘lgan narsalar ko‘p, lekin uning mashg‘ulotlarda 100 foiz kuch bilan ishlashi menga yoqadi», — dedi murabbiy.
Abduqodirning asosiy ustunligi — to‘p bilan ham, to‘psiz ham birdek ishonchli harakat qilishidadir. Oradan o‘tgan 12 oy ichida u «zaxiradagi bola»dan jamoaning asosiy figurasiga aylanib ulgurdi.
Navbatdagi sinov: Manchester derbisi
Bugun Abduqodir Husanovni faoliyatidagi eng muhim imtihonlardan biri kutmoqda. «Manchester Siti» derbida «Yunayted»ga qarshi maydonga tushadi. Yangi murabbiy qo‘l ostidagi MYU Husanov uchun haqiqiy topishmoq bo‘lishi mumkin. Ammo «Siti» «Arsenal» bilan chempionlik poygasida davom etishi uchun bu bahsda faqat g‘alaba qozonishi shart.
Sizningcha, Abduqodir Husanov bugungi Manchester derbisida «Yunayted» hujumchilarini to‘xtata oladimi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!