date

Gvardiola derbidagi mag‘lubiyatdan so‘ng: “Bizda energiya yetishmadi”

Gvardiola derbidagi mag‘lubiyatdan so‘ng: “Bizda energiya yetishmadi”

Angliya Premer-ligasining 22-turi doirasidagi markaziy bahslardan biri Manchester derbisida “Manchester Siti” safarda o‘z hamshahari “Manchester Yunayted”ga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Uchrashuvdan keyin “shaharliklar” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola o‘yinga baho berib, jamoasida hal qiluvchi jihat — energiya va zarur kayfiyat yetishmaganini ochiq aytdi.

Ispaniyalik mutaxassisning ta’kidlashicha, “Old Trafford”da ko‘p marta o‘ynagan bo‘lsa-da, bugungi derbida g‘alaba uchun talab qilinadigan darajada harakat qila olishmagan.

“‘Manchester Yunayted’da bizda bo‘lmagan jihat bor edi. Bu stadionga ko‘p kelganman, ammo bugun bunday o‘yinlarda g‘alaba qozonish uchun kerakli darajada emas edik. To‘rt kun oldin ‘Nyukasl’ga qarshi bahsda o‘sha energiya bor edi, bugun esa yo‘q”, — dedi Gvardiola.

Murabbiy o‘yinning o‘zi juda yomon bo‘lmaganini, ammo natija qoniqarli chiqmaganini qayd etdi. Uning fikricha, raqib bu gal “Siti”dan ko‘ra uyushqoq va g‘ayratliroq harakat qilgan.

“O‘yinimiz yomon emasdi, lekin kerakli natijaga chiqa olmadik. Bu futbolda bo‘lib turadi. Oddiy o‘yin edi va raqib bizdan yaxshiroq harakat qildi. ‘MYU’da yangi murabbiy bor va derbida bizda yetishmagan energiyani aynan ular ko‘rsatishdi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Gvardiola shuningdek, so‘nggi ikki transfer oynasida tarkib sezilarli yangilanganini eslatib, bunday o‘zgarishlarga moslashish talab etilishini ta’kidladi. Uning aytishicha, asosiy xavotiri — jamoa ko‘proq ochko yig‘ishi masalasi.

“Oxirgi ikki transfer oynasida tarkibni ancha o‘zgartirdik, bunga moslashishimiz kerak. Men ko‘proq ochkolar to‘plash haqida o‘ylayapman. Albatta, ko‘proq gol urish ham yaxshi bo‘lardi. So‘nggi 12 oyda jamoa ancha yangilandi, lekin ruhiy holat baribir yuqori”, — dedi murabbiy.

Murabbiy so‘zlarida so‘nggi o‘yinlardan misol ham keltirdi: ayrim bahslarda “Siti” o‘z darajasini ko‘rsata olmagan, ayrimlarida esa o‘yin yaxshi bo‘lsa-da, gollar yetishmagan.

“Bugun biz o‘z darajamizni chiqara olmadik. Lekin ‘Sanderlend’ga qarshi o‘yinda ajoyib harakat qilgan edik. ‘Brayton’ va ‘CHelsi’ga qarshi bahslarda esa yaxshi o‘ynab, g‘alaba uchun kerakli gollarni ura olmadik”, — dedi Gvardiola.

Yosh futbolchi Maks Alleyn haqida ham alohida to‘xtalgan murabbiy, uning so‘nggi o‘yinlardagi ijobiy harakatini maqtadi, biroq bugungi boshlang‘ich epizodlarda mag‘lub bo‘lganini tabiiy jarayon sifatida baholadi.

“Maks oxirgi ikki o‘yinda juda yaxshi ko‘rindi. Bugun esa, albatta, birinchi ikki epizodda yutqazdi. Lekin aynan shunday tajribalar yosh futbolchilar uchun eng keraklisi — shu orqali ular pishadi. Masalan, ‘Nyukasl’ga qarshi o‘yinda u ajoyib, haqiqatan ham juda yaxshi edi”, — dedi u.

Marq Gexining “Manchester Siti”ga ehtimoliy transferi mavzusida esa Gvardiola hozircha rasmiy ma’lumotga ega emasligini aytdi:

“Bu haqda hali klubdan rasman ma’lumot olganim yo‘q. Agar aniq bo‘lsa, sizlar bilan bir vaqtda bilib olaman. Aytishlaricha, kelishuv yaqin, ammo hozirgina Ferran Soriano va Ugo Viana bilan gaplashdim — ular bu haqda hech narsa aytishmadi”, — dedi mutaxassis.

Ma’lumot uchun, Manchester derbisida o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov “Manchester Siti”ning asosiy tarkibida maydonga tushib, uchrashuvni to‘liq 90 daqiqa o‘tkazdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Gvardiola derbidagi mag‘lubiyatdan so‘ng: “Bizda energiya yetishmadi”