Husanov bugun “Budyo Glimt”ga qarshi asosiy tarkibda maydonga tushadimi?

UEFA Chempionlar ligasining 7-turi doirasida “Manchester Siti” bugun Norvegiyaga yo‘l olib, mahalliy “Budyo Glimt”ga qarshi maydonga tushadi. Safar o‘yini oldidan “shaharliklar” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola o‘zbekistonlik markaziy himoyachi Abduqodir Husanovning salohiyatini alohida ta’kidlab, uning imkoniyatlariga yuqori baho berdi. Qisqasi, Gvardiola “bu bola tayyor” degan signalni berdi — endi gap maydonda.
Eng qizig‘i, bir qator nufuzli nashrlar bu uchrashuv uchun “Siti”ning taxminiy tarkibini ham tarqatdi. Berilayotgan variantlarga ko‘ra, Husanov o‘yinni ilk daqiqalardan boshlashi kutilmoqda. Bu esa norvegiyaliklar maydonidagi juda qattiq atmosferada ham o‘zbek himoyachisiga katta ishonch bildirilayotganini anglatadi.
Squawka talqinidagi ehtimoliy tarkib quyidagicha:
- Janluiji Donnarumma; Riko Lyuis, Abduqodir Husanov, Maks Alleyn, Neytan Ake; Rodri; Tijjani Reynders, Niko O’Rayli; Rayan Cherki, Erling Xoland, Jeremi Dok-u.
Sports Mole esa boshqacha variantni ilgari surgan:
- Donnarumma; Lyuis, Husanov, Alleyn, Ait-Nuri; Cherki, Reynders, O’Rayli, Mukasa, Dok-u; Xoland.
Ko‘rinib turibdiki, ikki taxminda ham umumiy nuqta bor: darvoza — Donnarumma, oldinda — Xoland, himoya markazida esa Husanovning ismi turibdi. Ya’ni, bu kecha himoyada mas’uliyat katta, oldinda esa gollar uchun asosiy umid an’anaviy ravishda Xolandga bog‘lanadi.
Ma’lumot uchun, “Budyo Glimt” — “Manchester Siti” uchrashuvi soat 22:45 da start oladi. Bugungi bahsda Husanovning o‘yiniga e’tibor ikki karra bo‘ladi: bir tomonda Gvardiolaning ishonchi, ikkinchi tomonda — Yevropa sahnasidagi qattiq imtihon.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!