date

Gexi transferi: "Manchester Siti"da himoyani qayta qurish boshlandi...

Gexi transferi: "Manchester Siti"da himoyani qayta qurish boshlandi...

«Manchester Siti» qishki transferlar oynasida jamoa tarkibini mustahkamlash yo‘lida ikki muhim qadam tashladi. Hujum chizig‘i Angliya chempionatining eng samarali futbolchilaridan biri Antuan Semeno bilan to‘ldirilgan bo‘lsa, mudofaa markaziga Mark Gexi jalb etildi. Ayni paytda esa aynan Gexining kelishi atrofida muhokamalar juda qizg‘in kechmoqda.

Bunga sabab — so‘nggi bir yil ichida «shaharliklar» himoya chizig‘ida yuz bergan keskin o‘zgarishlar. Taҗribali liderlar ketdi, yoshlar esa hali to‘liq tayyor emas. Shu bois Gexi transferi «Siti» uchun oddiy xarid emas, balki strategik qaror sifatida baholanyapti.

Omadi yurishmagan boshlanish

2026 yil «Manchester Siti» uchun kutilgandek boshlanmadi. Xosep Gvardiola shogirdlari qisqa vaqt ichida Premer-liga, ichki kuboklar va Chempionlar ligasida jami yettita uchrashuv o‘tkazib, ularning faqat ikkitasida g‘alaba qozondi. Qolgan bahslar esa durang va mag‘lubiyatlar bilan yakunlandi.

Ayniqsa, Manchester derbisidagi mag‘lubiyat va Norvegiyadagi og‘ir yutqazish jamoa uchun jiddiy signal bo‘ldi. Ilgari Yevropa maydonida katta tajribaga ega bo‘lmagan «Budyo-Glimt»ning «Siti»ni 3:1 hisobida mag‘lub etgani futbol olamida haqiqiy sensatsiya sifatida qabul qilindi.

Qizig‘i, «Budyo-Glimt» joylashgan shahar aholisi soni «Etixad» stadioni sig‘imidan ham kam. Jamoaning umumiy transfer qiymati esa Erling Xolandning bahosidan to‘rt barobar arzon. Bu raqamlar «Siti» uchun o‘yin sifatidagi muammolar qanchalik chuqur ekanini ochiq ko‘rsatib qo‘ydi.

Arzon va oqilona xarid

Mark Gexining 20 million funtga sotib olingani hozirgi bozor sharoitida katta yutuq hisoblanadi. Aslida, «Manchester Siti» uni yozda bepul olishi mumkin edi, ammo «Liverpul» va «Bavariya» kabi grandlar raqobatida ustun kelish uchun manchesterliklar vaqtni cho‘zmaslikni ma’qul ko‘rdi.

Bir yil oldin jamoa yosh markaziy himoyachilar Abduqodir Husanov va Vitor Reys uchun 60 million funt sarflaganini hisobga olsak, Gexi uchun to‘langan summa yanada mantiqiy ko‘rinadi.

Tayyor lider masalasi

Husanov va Reys — kelajagi porloq iqtidorlar. Ammo Gexi — bugun kerak bo‘lgan tayyor yetakchi. U «Kristal Pelas» sardori sifatida jamoasini tarixda ilk bor Angliya Kubogi g‘alabasiga olib chiqqan, shuningdek, Angliya terma jamoasining eng barqaror himoyachilaridan biriga aylangan.

«Siti»ning asosiy muammosi faqat himoyada emas, balki maydonda liderlar yetishmasligida. So‘nggi bir yilda Ederson, Kayl Uoker, Ilkay Gyundog‘an, Kevin De Bryuyne, Jek Grilish, Manuel Akanji kabi tajribali futbolchilar jamoani tark etdi. Gexi esa aynan shu bo‘shliqni to‘ldirish uchun olib kelingan.

Bu transfer qisqa muddatli «yamoq» emas. Jon Stounzning mavsum oxirida ketishi kutilyapti, Natan Ake esa klubning uzoq muddatli rejalariga to‘liq mos kelmay qoldi. Shu nuqtayi nazardan, Gexi «Siti» himoyasining yangi ustuniga aylanishi kutilmoqda.

Husanov va Gexi yangi tandemi

Yoshko Gvardiol va Ruben Diash jarohat olganidan keyin Gvardiola Abduqodir Husanovni yana markazga qaytarishga majbur bo‘ldi. Ilk paytda yosh Maks Alleyn bilan tandem umid uyg‘otgan bo‘lsa-da, so‘nggi o‘yinlarda tajriba yetishmasligi yaqqol sezildi.

Endi esa «Manchester Siti» himoya markazida yangi va juda qiziq duet — Abduqodir Husanov va Mark Gexi birgalikda harakat qilishi kutilmoqda. Bu tandemning ilk sinovini 24 yanvar kuni «Vulverxempton»ga qarshi bahsda ko‘rish mumkin.

Qisqasi, «Siti» himoyasida yangi sahifa ochilyapti. Bu sahifa qanday yozilishini esa maydon ko‘rsatadi, lekin birinchi belgilar shundan dalolat beryaptiki, Gvardiola bu safar haqiqatan ham uzoqni ko‘zlab ish tutgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Gexi transferi: "Manchester Siti"da himoyani qayta qurish boshlandi...