Kerrik "Arsenal"ga qarshi o‘yin oldidan jamoasini ruhlantirdi

Yakshanba kuni Angliya chempionati doirasida futbol muxlislarini katta to‘qnashuv kutib turibdi: “Manchester Yunayted” safarda Londonning “Arsenal” jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv oldidan “qizil iblislar” bosh murabbiyi Maykl Kerrik bo‘lajak bahs xususida o‘z fikrlarini bildirib, o‘yinni jamoasi uchun jiddiy imtihon sifatida baholadi.
Kerrikning ta’kidlashicha, “Arsenal” hozirgi paytda juda puxta va barqaror futbol namoyish etayotgan, har bir chiziqda kuchli jihatlari ko‘p bo‘lgan raqib. Ustoz “to‘pchilar”ning turnir jadvalidagi yuqori o‘rni tasodif emasligini ham alohida qayd etdi.
— Bu o‘yinni hammamiz intiqlik bilan kutayapmiz. Biz uchun bu katta sinov bo‘ladi. “Arsenal” juda baquvvat jamoa, o‘yinida ko‘p ustunliklar bor. Jadvaldagi o‘rni ham bejiz emas. Biz buni yaxshi anglaymiz. Shu bilan birga, hozir jamoamiz kayfiyati yaxshi, o‘zimizni tayyor his qilyapmiz. Maydonga katta energiya va ishtiyoq bilan chiqib, ijobiy futbol ko‘rsatishni istaymiz, — dedi Kerrik matbuot anjumanida.
“Manchester Yunayted” uchun bu o‘yin nafaqat navbatdagi tur, balki xarakterni ko‘rsatish, o‘z ishonchini mustahkamlash va Londondagi og‘ir safardan maksimal natija olish imkoniyati ham hisoblanadi. “Arsenal” esa o‘z maydonida ochko yo‘qotmaslikka harakat qiladi — demak, kurash qattiq bo‘lishi turgan gap.
Ma’lumot uchun, “Arsenal” — “Manchester Yunayted” uchrashuvi 25 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:30da start oladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!