Isroil Madrimov Luis Salazar ustidan ishonchli g‘alaba qozondi (video)

24 yanvar kuni AQSHning Las-Vegas shahrida joylashgan Fontainebleau arenasida Matchroom Boxing kompaniyasi tashkil etgan professional boks oqshomi bo‘lib o‘tdi. Ushbu kechada o‘zbekistonlik bokschi, yarim o‘rta vazndagi sobiq jahon chempioni Isroil Madrimov dominikanlik Luis David Salazarga qarshi ringga ko‘tarildi.
Jangning deyarli butun qismida tashabbus Madrimov qo‘lida bo‘ldi. U vaziyatni nazorat qilib, harakatni o‘zi boshqardi, zarbalarni tayyorlab, aniq ishladi. Oldindan ikkinchi raqamda o‘ynashni tanlagan Salazar esa asosan himoyada qoldi, qarshi hujumlarga kam chiqdi va ko‘proq zarbalarni “ushlab” o‘tishga urindi.
So‘nggi raundda Isroil raqibini muddatidan oldin tugatib qo‘yishi ham mumkin edi. Madrimov bir necha bor ketma-ket zarbalar seriyasi bilan bosimni kuchaytirdi, ammo Salazar xarakter ko‘rsatib, og‘ir vaziyatda ham oyoqda turib berdi va jangni to‘liq masofaga olib chiqdi.
Natijada 10 raundlik to‘qnashuv to‘liq davom etdi va hakamlar yakdil qaror chiqardi: 99-91, 99-91, 99-91. Shu tariqa, Isroil Madrimov ishonchli hisobda g‘alaba qozondi.
Alohida ta’kidlash kerak, o‘zbekistonlik chempion qariyb bir yildan buyon rasmiy jang o‘tkazmagan edi. U yelkasidagi jarrohlik amaliyotidan keyin tiklanish jarayonini boshdan kechirgan, mashg‘ulotlarga esa atigi besh hafta oldin qayta kirishgan. Shunday sharoitda ringga chiqib, bunday ishonchli natija ko‘rsatishi muxlislarning kayfiyatini ancha ko‘tardi.
Madrimov so‘nggi bor 2025 yil 23 fevral kuni Saudiya Arabistonida WBC Interim chempionlik kamari uchun amerikalik Verjil Ortisga qarshi ringga chiqqan va o‘sha jangda hakamlar qarori bilan mag‘lubiyat alamini totgandi. Bu gal esa Isroil o‘z nomini yana bir bor baland ayttirdi: u qaytganini, formasiga qaytish yo‘lida qat’iy turganini amaliy natija bilan ko‘rsatdi.
Jangdan keyin Madrimov muxlislar uchun o‘z uslubida salto ijro etib berdi — zaldagi kayfiyatni yanada “portlatib” yubordi. Keyin esa tribunalarga qarab samimiy murojaat qildi:
«Barchangizni yaxshi ko‘raman, siz uchun jang qilaman. Madrimov qaytdi!», — dedi u.
Qisqasi, Las-Vegasdagi bu g‘alaba Isroil uchun faqat navbatdagi natija emas — bu katta qaytishning birinchi qattiq qadami. Endi esa muxlislar bitta narsani kutyapti: Madrimovning keyingi jangda yanada baland maqsadlarga qayta yo‘l olishi.