Kerrik ikkita o‘yindayoq «Manchester Yunayted»ni yana “jonli” qildi

«Manchester Yunayted»da kayfiyat keskin o‘zgaryapti: Maykl Kerrik jamoani qabul qilib olganiga ko‘p bo‘lmasa-da, dastlabki ikki uchrashuvning o‘ziyoq muxlislarga umid, raqiblarga esa “oy-bay” degan signal berdi. Qisqasi, tribunadagi muhabbat kredit emas — Kerrik uni natija bilan “naqd” qildi.
Yangi murabbiy qo‘l ostida mankunianliklar ikki o‘ta qiyin va prinsipial bahsda zafar quchdi. Eng yangi “portlash” APL 23-turida safarda «Arsenal» ustidan 3:2 hisobidagi g‘alaba bo‘ldi — markaziy o‘yin, katta bosim, London va oxirida “qizil iblislar” so‘nggi lahzalarda g‘alabani sug‘urib oldi. Bu natija «Yunayted»ni 38 ochko bilan 4-o‘ringa olib chiqdi, «Arsenal» esa mag‘lubiyatga qaramay 50 ochko bilan peshqadam bo‘lib turibdi.
Kerrik uchun birinchi imtihon esa 17 yanvar kuni Manchester derbisida bo‘lgandi. «Manchester Siti»ga qarshi o‘sha bahsda «Yunayted» 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, yangi davrni juda qattiq “nog‘ora” bilan boshlagan.
Endi bungacha bo‘lgan voqealar zanjiri ham qiziq: 5 yanvar kuni klub rahbariyati Ruben Amorimni lavozimidan ozod qildi. Oradan bir hafta o‘tib, 13-yanvarda Maykl Kerrik mavsum oxirigacha bosh murabbiy etib tayinlandi.
Muxlis uchun eng yoqimlisi — bu faqat “o‘tkinchi fart” emas, balki maydonda ko‘rinayotgan ruh: jamoa tish-tirnog‘i bilan kurashyapti, o‘yin oxirida ham tushib qolmayapti, golni ham, natijani ham “sug‘urib” olyapti. Albatta, ikki o‘yin — hali serialning treyleri, lekin treylerning o‘zi juda qiziq chiqdi. Endi asosiy savol: Kerrik shu tempni saqlab qolib, bu “qisqa feyerverk”ni barqaror o‘yinga aylantira oladimi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!