Flik Kristensen jarohati Barselona uchun og'ir zarba bo'ldi

"Barselona" bosh murabbiyi Hans-Diter Flik himoyachi Andreas Kristensenning yo'qligi jamoaga qanchalik ta'sir qilayotgani haqidagi savolga javob berdi. Daniyalik futbolchi dekabr oyida tizzasidan jiddiy jarohat olgandi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Flikning aytishicha, jarohat ayni noo'rin pallada yuz berdi: Kristensen o'sha vaqtda juda yaxshi sport formasida bo'lib, yuqori darajada o'ynayotgandi va murabbiylar shtabiga turli taktik variantlarni taqdim etardi. Mashg'ulotdagi jarohat jamoa va murabbiylar uchun katta yo'qotish bo'lganini ta'kidladi.
"U albatta qaytadi. Ishonchim komil, mavsumni yaxshi yakunlay oladi", dedi Flik seshanba kungi matbuot anjumanida.
Hozirda "Barselona" Ispaniya chempionati turnir jadvalida peshqadam bo'lib turibdi va "Real"dan ikki ochko oldinda. Kataloniyaliklarning navbatdagi uchrashuvi 28 yanvar kuni Chempionlar ligasida "Kopengagen"ga qarshi bo'lib o'tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!