Laporta Alvaresni xohlaydi, Deko arzonroq variant qidirmoqda

«Barselona» prezidenti Joan Laporta yozgi transfer oynasida katta shov-shuv bo‘ladigan bitimni amalga oshirish niyatida. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
ESPN xabariga ko‘ra, kataloniyaliklar rahbari uchun asosiy nishon — Madridning «Atletiko» klubi hujumchisi Xulian Alvares. Argentinalik futbolchini olib kelish 100 mln yevrodan ham qimmatga tushishi mumkin, «ko‘k-anorranglilar» esa bunday talabni qanchalik bajara olishi hozircha noma’lum.
Manba qo‘shimcha qilishicha, sport direktori Deko hamyonboproq yo‘llarni ham ko‘rib chiqmoqda. Nomzodlar ro‘yxatida «Yuventus» forvardi Dushan Vlahovich hamon bor — u keyinchalik erkin agentga aylanishi mumkin.
So‘nggi paytlarda «Barselona» hujumchi izlash ishlarini keskin faollashtirdi. Robert Levandovskining shartnomasi tugashiga yarim yil qolgan va polshalik futbolchining klubni tark etishi ehtimoli yuqori.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!