Goretska Barselonaga o‘tish haqidagi gaplarni rad etdi

«Bavariya» yarim himoyachisi Leon Goretska «Barselona» bosh murabbiyi Hans-Diter Flik bilan transfer masalasida bog‘langani haqidagi xabarlarni rad etdi. Avvalroq futbolchi Flik qo‘l ostida «Barselona» safiga qo‘shilishni istayotgani haqida ma’lumot tarqalgan edi. Leon Goretska 2018 yilda «Boxum»dan «Bavariya»ga erkin agent sifatida kelgan va uning amaldagi shartnomasi 2026 yil 30 iyungacha mo‘ljallangan.
Myunxenning «Bavariya» klubi yarim himoyachisi Leon Goretska transfer bo‘yicha boshqa jamoalarga murojaat qilgan-qilmaganiga doir savolga javob berdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Avvalroq ommaviy axborot vositalarida futbolchi «Barselona» bosh murabbiyi Hans-Diter Flikka chiqib, o‘z xizmatini taklif qilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ta’kidlanishicha, u avval «Bavariya» hamda Germaniya terma jamoasida birga ishlagan murabbiy qo‘l ostida «ko‘k-anorranglilar» safiga qo‘shilishni istagan.
«Men Flik bilan “Barselona”ga o‘tish masalasida bog‘langanim haqida yozishganini o‘qidim. Bu ma’lumotni hoziroq rad etaman», — dedi Goretska DIE ZEIT nashriga bergan intervyusida.
Leon Goretska 2018 yilda «Boxum»dan «Bavariya»ga erkin agent sifatida kelib qo‘shilgan. Uning amaldagi shartnomasi 2026 yil 30 iyungacha mo‘ljallangan. Joriy mavsumda yarim himoyachi Myunxen klubi safida 28 o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol urdi.






























Izohlar 0
…