Ravanelli VAR tufayli futbol qiyofasi o'zgarganini aytdi

“Yuventus” va Italiya terma jamoasining sobiq hujumchisi Fabrizio Ravanelli Italiya klublar musobaqalarida VAR tizimi qanday ishlayotgani haqida fikr bildirdi. Mutaxassis hozirgi vaziyatdan ko'ngli to'lmayotganini yashirmadi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Ravanellining ta'kidlashicha, futbol “tanish bo'lmay qolgan” va aynan Italiyada VARdan foydalanish uslubi eng ko'p savollar uyg'otmoqda. Uning fikricha, Yevropaning boshqa mamlakatlarida tizimga boshqacha yondashiladi, hozirgi tartib esa maydondagi ayrim futbolchilarga vaziyatdan oson “foydalanish” imkonini berib qo'ymoqda.
Shuningdek, u bugungi hakamlik standartlari ham yuqori emasligini qayd etdi: hakamlarni doim aldashga urinishlar ko'paygan, avvallari esa ularga nisbatan hurmat kuchliroq bo'lgan. Ravanelli o'tmishdagi ayrim hakamlarni eslab, o'sha davrdagi professionallik o'yin rivojiga bevosita ta'sir qilganini qo'shimcha qildi.
Ma'lumot uchun, joriy mavsum boshidan Italiyada hakamlar VAR bo'yicha qarorlarni jonli efirda e'lon qilib kelmoqda — bu shaffoflikni oshirish va hakamlikka bo'lgan ishonchni mustahkamlashga qaratilgan. Shunga qaramay, OAV hamda muxlislar orasidagi tanqidlar hanuz to'xtagani yo'q.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!