Ian Rayt Kobbi Maynu porlaganini aytdi: Ruben Amorim esa endi uyalsin

«Arsenal»ning sobiq futbolchisi Ian Rayt «Manchester Yunayted»da Ruben Amorim ketganidan keyin Kobbi Maynuning o‘yini ko‘z o‘ngimizda ochilib ketgani haqida keskin fikr bildirdi. Raytning aytishicha, jamoa akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan yosh xavbekka o‘sha davrda yetarlicha ishonch berilmagan va bu uning kelajagini ham xatar ostiga qo‘ygan.
Faxriy futbolchi portugaliyalik murabbiyni ochiqcha tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, Amorim Maynuga oddiy bir narsa — doimiy o‘yin amaliyotini ham bermagan. Natijada, iqtidorli xavbek zaxirada qolib ketavergan, hatto klubdan ketishga ham juda yaqin bo‘lgan.
Rayt esa «Tottenhem»ga qarshi uchrashuvni misol qilib keltirdi. «MYU» 2:0 hisobida g‘alaba qozongan o‘sha bahsda Maynuning harakatlari juda ishonchli, kattalarcha va erkin ko‘rindi. Raytning bahosi ham qattiq: u bu o‘yinni «shunchaki ajoyib» deb atadi va Amorim bu qarorlaridan uyalishi kerakligini aytdi.
«Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, Amorim bundan uyalishi kerak, chunki biz «MYU» akademiyasi tarbiyalanuvchisining o‘yinini ko‘rdik, portugaliyalik murabbiy esa Maynuga shunchaki o‘ynash imkonini bermayotgandi va u ketishga juda yaqin edi. Kobbi ajoyib o‘yin ko‘rsatdi [«Tottenhem»ga qarshi, 2:0]. Shunchaki ajoyib», — dedi Rayt.
Shu yerda yana bir muhim nuqta bor: Maykl Kerrik bosh murabbiylikka kelganidan keyin Maynuga munosabat o‘zgargani sezildi. Agar Amorim davrida Kobbi ko‘p holatlarda faqat zaxiradan tushgan bo‘lsa, Kerrik ilk o‘yinlardanoq unga e’tibor qaratdi, ishonch bildirdi va maydonda o‘zini ko‘rsatishi uchun imkoniyat ochdi.
Xulosa oddiy: ba’zan bir futbolchining “portlashi” uchun super transfer yoki mo‘jiza shart emas — faqat ishonch va to‘g‘ri vaqt kerak. Maynu shu ishonchni oldi, endi esa «MYU» muxlislari uning o‘sishi davom etishini kutyapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!