Ekspert eng kuchli forvardlarni o‘zaro solishtirdi: Kim birinchi?

Yevropa futbolida har mavsum bir savol doim qiziq: qaysi hujumchi haqiqatan ham eng xavfli, eng mukammal, eng “qotil”? Ispaniyalik taniqli futbol sharhlovchisi Xulio Maldonado — muxlislar yaxshi biladigan Maldini laqabli ekspert — aynan shu mavzuda gapirib, Yevropaning besh yetakchi ligasidagi to‘rt top hujumchini qiyos qildi.
Uning fikricha, “Oltin butsa” uchun kurash bu safar yanada qiziydi. Chunki katta sahnada hamma narsa bor: gollar, bosim, forma, raqobat… va har bir nomzodning o‘ziga xos “quroli” bor.
Ekspert birinchi navbatda Kilian Mbappeni ajratib ko‘rsatdi. Maldonado ochiq aytadi: uning nazarida Mbappe — hozirgi kunda eng yaxshi variant. Sababi oddiy: u mukammal hujumchi, har xil uslubda xavf tug‘dira oladi, raqib himoyasini bir pasda parchalashi mumkin. Tezligi, qaror qabul qilishdagi chaqqonligi va golga borishdagi keskinligi — hammasi raqib uchun alohida bosh og‘riq.
Harri Keyn haqida esa Maldonado uning “jarima maydonchasidan tashqaridagi o‘yini”ni eng kuchli jihat sifatida ta’kidladi. Ya’ni Keyn faqat gol uradigan klassik “to‘qqizlik” emas — u orqaroqqa qaytib, kombinatsiyaga qo‘shiladi, to‘p tarqatadi, vaziyat qurishda ishtirok etadi. Ba’zan hatto “o‘nlik” pozitsiyasidagi pleymeyker vazifasini ham bajarib ketadi. Ekspertning fikricha, Keyn ko‘p hollarda yetarlicha baholanmaydi, aslida esa u juda yorqin va aqlli hujumchi.
Erling Holand masalasida Maldini biroz tanqidiy ruhda gapirdi. Uning aytishicha, norveg hujumchi hozir eng yuqori formasida emas. Agar “Manchester Siti” Angliya chempionati va Chempionlar ligasida eng katta maqsadlar uchun kurashmoqchi bo‘lsa, jamoaga Holandning “eng kuchli versiyasi” kerak bo‘ladi. Chunki Xolandning haqiqiy darajasi — bu raqibni qo‘rqitadigan, o‘yin taqdirini bitta epizodda hal qiladigan holat.
Lautaro Martinesga kelganda, ekspert uni qolgan uch nomzoddan bir pog‘ona pastroq darajada ko‘rdi. Ammo bu Lautaro kuchsiz degani emas. Maldonado uning mehnatkashligi, harakatchanligi va gol urishdagi mahoratini alohida ta’kidladi. Ya’ni u ham baribir “ishonchli forvard”, shunchaki Mbappe, Keyn va Xoland darajasidagi “superqurol” effekti kamroq.
Qisqasi, Maldinining qiyosi bitta narsani yana bir bor isbotladi: har bir top hujumchining yo‘li boshqa, uslubi boshqa, kuchli tomoni boshqa. Lekin “Oltin butsa” deganda, xavf, mukammallik va ta’sir kuchi birinchi o‘ringa chiqadi. Maldonado esa bu borada eng yuqori bahoni Mbappega berdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!