Flik "Atletiko"dan uchralgan sharmandali mag‘lubiyatni qanday izohladi?

Ispaniya Kubogi yarim finalining ilk bahsi «Barselona» muxlislari uchun og‘ir kechdi. «Atletiko Madrid»ga qarshi o‘yin 0:4 hisobida yakunlandi va bu natija tabiiyki, jamoa atrofida ko‘p savollar paydo qildi. Uchrashuvdan keyin bosh murabbiy Hans-Diter Flik esa vaziyatni yashirmay, rostdan gapirdi — ayni paytda esa umidni ham o‘chirmadi.
Flikning birinchi ta’kidi juda aniq bo‘ldi: birinchi bo‘limda «Barselona» o‘zini o‘ziga o‘xshatmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoa bir butun mexanizmdek harakat qila olmagan, liniyalar orasidagi masofa “uzilib ketgan” va eng muhimi — bosim (pressing) yetishmagan.
Murabbiy bu 45 daqiqani “qimmat saboq” deb atadi. Chunki katta o‘yinlarda maydondagi mayda detallar ham katta hisobga aylanadi. «Atletiko» esa aynan shu jihatdan “ochroq” bo‘lgan: gol urishga ishtiyoq, epizod uchun kurash, har bir to‘pga qat’iyat.
Shu bilan birga, Flik ikkinchi taymda jamoasining o‘yini biroz tiklanganini ham qayd etdi. Ya’ni, «Barselona» o‘yin oxirida o‘zini “topishga” harakat qildi. Ammo 0:4 kabi hisobda bu hissiyotlar muxlisga taskin bermaydi — buni hamma tushunadi.
Eng qizig‘i, Flik javob uchrashuvida real ssenariyni ham ovoz chiqarib aytdi: oldinda hali “ikki bo‘lim” bor. Uning fikricha, agar har bir bo‘limda 2:0 hisobida g‘alaba qo‘lga kiritilsa, o‘yin butunlay boshqa tarafga og‘ishi mumkin. Albatta, bunday qaytish oson emas — bu yerda uydagi muhit va tribunalar kuchli turtki bo‘lishi kerak. Murabbiy bu nuqtaga alohida urg‘u berdi: jamoaga muxlislar yordami juda zarur bo‘ladi.
Flikning yana bir muhim gapi — u jamoadan norozi emas. Aksincha, umumiy mavsumdan mamnunligini ta’kidladi. U jarohatlar ko‘p bo‘lganini eslab o‘tdi, lekin buni “bahona” sifatida ishlatmadi: mag‘lubiyat futbolning tabiiy qismi, dedi. Ha, og‘riqli bo‘ldi, ammo u jamoasi bilan faxrlanishini aytdi.
Shu bilan birga, u jamoa yosh ekanini ham yashirmadi, lekin yana qaytdi: “men bahona qidirayotganim yo‘q”. Murabbiyning pozitsiyasi oddiy: xulosa qilish kerak, saboq chiqarish kerak va qolgan imkoniyat uchun oxirigacha kurashish kerak.
Eslatib o‘tamiz, javob uchrashuvi 3 mart kuni bo‘lib o‘tadi. «Barselona» uchun bu bahs — nafaqat finalga yo‘l, balki xarakter imtihoni ham. Chunki ba’zan futbolda eng katta burilishlar aynan eng og‘ir zarbadan keyin boshlanadi.