Monako Nantni yengdi va Golovin kulgili tarzda chetlatildi

Juma kuni “Luи II” stadionida “Monako” “Nant”ni qabul qildi va uchrashuv taqdirini bir taym o‘rtalarida atigi besh daqiqada hal qilib qo‘ydi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Dastlabki daqiqalardayoq mezbonlar keskin hujumlar uyushtirdi: Golovin bir necha bor markazdan hujumni tezlatdi, Kayu Enrike va Balogun bilan kombinatsiyalar ishladi, burchak zarbalari ham xavfli chiqdi. “Nant” darvozaboni bir necha vaziyatda jamoasini qutqarib qoldi.
25-daqiqada “Nant” himoyasidagi xatodan keyin Balogun to‘pni ilib ketdi, uning zarbasini posbon qaytardi, biroq Simon Adingra qaytgan to‘pni bo‘sh darvozaga joyladi — 1:0. Oradan uch daqiqa o‘tib Golovin darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib, pasni Adingraga oshirdi — 2:0. 30-daqiqada “Monako”ning 4 ga 2 qarshi tezkor hujumi yakunida Golovin sherigiga to‘p chiqarib berdi va Denis Zakarriya aniq zarba bilan hisobni yiriklashtirdi — 3:0.
Tanaffus arafasida “Nant” bitta gol bilan javob qaytardi: Deiver Machado chap qanotdan uzatma berdi, Fabyen Sentonz esa jarima maydoni chetida to‘pni uchib kelganicha “to‘qqizlik”ka mixladi — 3:1.
66-daqiqada esa Golovin hakam bilan bahs uchun ogohlantirildi va darhol hakamga qarsak chalganidan so‘ng ikkinchi jazoni olib, maydonni tark etdi. O‘yin so‘ngida Ansu Fati yakkama-yakka vaziyatga chiqdi, ammo “Nant” darvozaboni duelda ustun keldi.
G‘alabadan keyin “Monako” turnir jadvalida 7-o‘rinda bormoqda, “Nant” esa so‘nggidan ikkinchi pog‘onada qoldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!