“Andijon” jamoasi yangi mavsum oldidan o‘z tarkibini tanishtirdi

Andijonlik futbol ishqibozlarining intiqlik bilan kutgan kunlari yetib keldi. "Universal" sport majmuasida "Andijon" klubining 2026 yilgi mavsum uchun yangilangan tarkibi va maqsadlari e’lon qilindi. Majmua ashaddiy muxlislar bilan to‘lib toshdi, "Ultras Burgut" guruhining jo‘shqin olqishlari esa tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Viloyat hokimidan chempionlik vazifasi
Tadbirda shaxsan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etib, jamoa oldiga yuksak talablarni qo‘ydi. Hokim bu yil Andijonda haqiqiy "futbol yili" bo‘lishini ta’kidlab, Samvel Babayan boshchiligidagi jamoa kamida kuchli uchlikdan joy olishi, asosiy maqsad esa — chempionlik ekanini alohida qayd etdi.
Marosimda mehmon sifatida taniqli sharhlovchi Xayrulla Hamidov va Turkiyaning "Beshiktosh" klubi rasmiy vakili Gokhan Saribayir ham qatnashdi. Xayrulla Hamidovning ta’sirli nutqi stadionga yig‘ilganlarni yanada ruhlantirib yubordi.
17 nafar yangi yulduz va jahon darajasidagi muxlislar
Samvel Babayan o‘z nutqida Andijon muxlislarini nafaqat O‘zbekistonda, balki jahonda tengsiz ekanini e’tirof etdi. Shundan so‘ng, jamoaga yangi kelib qo‘shilgan 17 nafar futbolchiga tantanali ravishda liboslar topshirildi. Yangilangan tarkibda Dragan Cheran, Islom To‘xtaxo‘jayev va Azizbek Turg‘unboyev kabi nomdor o‘yinchilarni ko‘rish mumkin:
Darvozabonlar: R. Davronov, N. Rustamjonov.
Himoyachilar: I. Golban, I. Yo‘ldoshev, N. Chalasan, I. To‘xtaxo‘jayev, O. Abdumajidov, M. Maxamadjonov.
Yarim himoyachilar: I. Ashortia, J. Boltaboyev, A. Andronikashvili, X. Iminov, S. Sodiqov, A. Turg‘unboyev.
Hujumchilar: Dragan Cheran, P. Xoldorxonov, Martin Boake.
"Burgutlar" jangovar shay holatda
Jamoa yetakchilari Dragan Cheran va Islom To‘xtaxo‘jayev sahnaga taklif etilib, barcha va’dalar maydonda isbotlanishini va muxlislar ishonchini oqlash uchun bor kuchlarini sarflashlarini bildirishdi. Fan-klub raisi Nodirbek To‘ychiyevning motivatsion chiqishi esa tadbirga yakuniy va kuchli nuqtani qo‘ydi.
Klub bosh direktori Ziyodbek Mashrapov viloyat hokimiga esdalik sifatida jamoa libosini topshirdi. Shu tariqa, "Andijon" yangi zafarlar sari ilk qadamini tashladi.
Sizningcha, yangilangan "Andijon" tarkibi bu yil Superliga taxtini egallay oladimi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!