Prestianni UEFAga Vinisiusga aytgan so'zini tushuntirdi

UEFA Chempionlar ligasida «Benfika» – «Real» uchrashuvida yuzaga kelgan mojaroni o‘rganmoqda. «Real» vingeri Vinisius Junior raqib futbolchi Janluka Prestiannini irqchilik ruhidagi haqorat ishlatishda ayblagan edi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
ESPN xabariga ko‘ra, Prestianni UEFAga ko‘rsatma bergan. «Benfika» futbolchisi ispan tilida irqchilik haqorati sifatida talqin qilinadigan «mono» so‘zini aytganini qat’iyan rad etmoqda.
Argentinalik futbolchining ta’kidlashicha, u «m» harfi bilan boshlanadigan, jarangdosh boshqa bir so‘zni ishlatgan. Bu ham haqorat hisoblanadi, biroq irqchilik mazmuniga ega emas — u an’anaviy bo‘lmagan jinsiy orientatsiyadagi erkakka nisbatan aytiladigan so‘z ekan.
Qayd etilishicha, mojaro paytida Prestianni og‘zini futbolkasi bilan yopib olgan. Shu sababli lab harakatlarini o‘qish bo‘yicha mutaxassislarni jalb qilish amalda foydasiz.
O‘yin yakunida «Real» safarda «Benfika»ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!