Kompani Jeksonning kelajagi bo'yicha aniq javob bermadi

"Bavariya" bosh murabbiyi Vensan Kompani Nikolay Jeksonning "Chelsi"dan to'liq sotib olinishi masalasiga izoh berdi. Mutaxassis myunxenliklar hujumchining shartnomasidagi sotib olish bandini ishga tushiradimi, degan savolga hozircha qat'iy javob yo'qligini aytdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Kompani matbuot anjumanida Jeksonning jamoaga mos kelayotganini ta'kidladi: "Nikolay biz bilan o'ynayotganidan juda mamnunmiz. Yozgi transfer bo'yicha har qanday qaror Nikolayning o'zi bilan ham, klublar o'rtasida ham muhokama qilinadi. Hozir bu savolga javobim yo'q. Bilganim — u biz bilan ekanidan xursandmiz", — dedi u.
Ma'lumot uchun, "Bavariya" Jeksonni mavsum oxirigacha "Chelsi"dan 16 million yevro evaziga ijaraga olgan. Futbolchini sotib olish qiymati 65 million yevroni tashkil qiladi. Joriy mavsumda senegallik hujumchi myunxenliklar safida barcha musobaqalarda 22 o'yinda maydonga tushib, 5 gol urdi va 1 assist qayd etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!