Luis Enrike PSJ uchun eng ma'qul raqibni aytdi

PSJ bosh murabbiyi Luis Enrike Chempionlar ligasi 1/8 finalida jamoasiga qaysi raqib maqulroq bo‘lishi haqida fikr bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Parij klubi pley-offning saralash bosqichida «Monako»dan o‘tib ketsa, keyingi raundda «Barselona» yoki «Chelsi»dan biri bilan to‘qnash keladi. Ilk uchrashuvda PSJ safarda monakoliklarni 3:2 hisobida mag‘lub etgandi.
Enrikening so‘zlariga ko‘ra, u keyingi bosqich uchun «Chelsi» variantini afzal ko‘radi. Mutaxassis «Barselona»ning o‘yini juda ishonchli ekanini, jamoa to‘p nazoratini ushlab turishini, yuqori pressing qo‘llashini va tarkibida bir necha soniyada uchrashuv taqdirini hal qila oladigan futbolchilar ko‘pligini ta'kidladi.
Murabbiy «Barselona»ga qarshi o‘ynaganda nafaqat jamoa, balki butun bir futbol g‘oyasiga ham qarshi turishga to‘g‘ri kelishini, shu bois vazifa yanada murakkablashishini qo‘shimcha qildi.
Chempionlar ligasi 1/8 final bahslari mart oyida bo‘lib o‘tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!