Freiburg o'z maydonida Borussia Myonxengladbaxni yengdi

Germaniya Bundesligasining 23-turida «Freiburg» o'z uyida «Borussia» Myonxengladbaxni qabul qildi. Mehmonlar to'p nazoratida ustunroq ko'rindi, ammo zarbalar aniqligi borasida mezbonlardan ortda qoldi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
38-daqiqada standart vaziyatdan keyin «Borussia» himoyasi to'pni uzoqlashtira olmadi va Mattias Ginter havodan kelgan to'pni bir urinishda darvozaga joyladi — 1:0. Ikkinchi bo'limda, 74-daqiqada Igor Matanovich raqib jarima maydoni ichida to'pni ilib oldi va hisobni 2:0 ko'rinishiga keltirdi.
83-daqiqada Haris Tabakovich «Freiburg» darvozasini ishg'ol etib, intriga qaytgandek bo'ldi, biroq gol ofsayd sabab bekor qilindi. Oradan ikki daqiqa o'tib u burchak zarbasidan so'ng boshi bilan aniq zarba berib, farqni qisqartirdi — 2:1. Shunga qaramay, mezbonlar ustunlikni saqlab qoldi va uch ochkoni qo'lga kiritdi.
Ushbu g'alabadan so'ng «Freiburg» turnir jadvalida 7-o'rinda bormoqda, «Borussia» Myonxengladbax esa 14-pog'onada qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!