Xaydenxaym va Shtutgart uch tadan gol urib durang o'ynadi

Germaniya Bundesligasining 23-turida turnir jadvalining quyi qismida qolib ketgan «Xaydenxaym» o'z maydonida «Shtutgart»ga munosib qarshilik ko'rsatdi va tomoshabop bahsda ochkolarni bo'lib oldi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Uchrashuv 5-daqiqadayoq mehmonlar foydasiga boshlandi: Kris Fyurix himoyachidan to'pni olib qo'yib, aniq zarba bilan hisobni ochdi. Birinchi bo'lim o'rtalarida «Xaydenxaym» ham javob qaytardi — Eren Dinkchi gol urib, muvozanatni tikladi. «Shtutgart» Demirovich orqali yana oldinga chiqib olgandek bo'ldi, biroq VAR aralashuvidan so'ng epizoddan avval boshqa jarima maydonida Dinkchiga nisbatan qo'pollik qayd etilib, gol bekor qilindi. Orijon Ibrohimovich penaltidan sovuqqonlik bilan gol urib, mezbonlarni 2:1 hisobida oldinga olib chiqdi. Bo'lim yakunida esa «Shtutgart» ham 11 metrlik zarbaga ega bo'ldi va Maksimilian Mittelshteydt penaltini aniq ijro etib, tanaffusga 2:2 bilan olib kirdi.
Ikkinchi bo'limda ham bahs keskin davom etdi: 73-daqiqada Demirovichning yana bir goli ofsayd sabab bekor qilindi. 82-daqiqada Sirlord Konte «Xaydenxaym»ni 3:2 hisobida oldinga olib chiqdi, ammo oradan ko'p o'tmay Nikolas Narteyning uzatmasidan keyin Deniz Undav javob golini urib, o'yinda yakuniy natijani belgiladi — 3:3.
Durangdan so'ng «Shtutgart» jadvalda to'rtinchi o'rinda qoldi. «Xaydenxaym» esa ketma-ket to'rtta mag'lubiyatdan iborat seriyasini to'xtatgan bo'lsa-da, baribir turnir jadvalining eng pastki qismida qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!