date

"MYACH Production" Abduqodir Husanovni "Osiyoning eng zo‘ri" deb atadi

"MYACH Production" Abduqodir Husanovni "Osiyoning eng zo‘ri" deb atadi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov “Manchester Siti”dagi barqaror va ishonchli o‘yini orqali nafaqat muxlislar, balki turli mamlakatlardagi tahlilchilar diqqatini ham o‘ziga tortmoqda. Bu e’tibor, albatta, tasodif emas: 21 yoshli futbolchi eng murakkab pallada “shaharliklar” himoya chizig‘ida muhim figuraga aylanib, jamoaning natijalarida sezilarli ulush qo‘shyapti.

Ayniqsa, jamoadagi himoyachilar bilan bog‘liq qiyin vaziyatda Husanovning roli yanada ochildi. Ruben Diash, Yoshko Gvardiol, Jon Stounz kabi yetakchi markaziy himoyachilar jarohat olgan paytda, Xosep Gvardiola himoyadagi asosiy mas’uliyatni aynan Abduqodir zimmasiga yukladi. Va eng qizig‘i — u bu bosimni “og‘ir yuk” emas, o‘sish imkoniyatiga aylantira oldi. Gvardiola qiyin daqiqalarda Husanovga suyanayotgani ham uning o‘yin darajasi ko‘tarilayotganidan dalolat.

Shu fon ortida Yutubdagi “MYACH Production” loyihasi eksperti Aleksandr Juravlyov qit’alar kesimida eng yaxshi futbolchilarni tanlash jarayonida Abduqodir Husanovga alohida to‘xtaldi. Tahlillar yakunida loyiha ijodkorlari Husanovni Osiyo qit’asining bugungi kundagi eng kuchli futbolchisi, deb e’tirof etdi. Qizig‘i, bu nom uchun yillar davomida doimiy da’vogar bo‘lib kelgan Son Xyon Min va Takefusa Kubo hozircha Husanovdan ortda qolgani aytildi.

Aleksandr Juravlyov bu tanlovni shunday izohladi:

- Tanlov qilish oson emas. Son endi avvalgi darajada emas, Kubo juda kuchli, lekin so‘nggi paytlarda o‘yinida pasayish bor. Shuning uchun eng zo‘r — Husanov. Hozir aynan u Osiyoning eng yaxshi futbolchisi. Abduqodir “Siti”da o‘ynaydi va maydonga tushganda natija beradi.

“MYACH Production” talqiniga ko‘ra qit’alar bo‘yicha eng yaxshi futbolchilar ro‘yxati ham e’lon qilindi:

- Yevropa — Kilian Mbappe

- Afrika — Ashraf Hakimi

- Janubiy Amerika — Rafinya

- Shimoliy Amerika — Kristian Pulishich

- Osiyo — Abduqodir Husanov

Husanovning Osiyoda eng yaxshi deb topilishi uning APLdagi o‘yiniga qaralsa, ko‘pchilik uchun mantiqiy ko‘rinadi. Chunki u “Manchester Siti”da shunchaki o‘ynab yurgan futbolchi emas — u “sistema”ning bir bo‘lagiga aylanib ulgurdi.

Abduqodir o‘z imkoniyatini to‘liq ishlatdi:

  • ketma-ket 12 ta o‘yinda asosiy tarkibda maydonga tushdi;
  • to‘pni tortib olishda ishonchli harakatlari bilan ko‘zga tashlandi;
  • pressing ostida sovuqqonlik saqlab, to‘pni toza chiqara olishini ko‘rsatdi;
  • jismoniy jihatdan baquvvatligi eng og‘ir vaziyatlarda jamoaga foyda berdi.

Natijada u faqat tajribali himoyachilar o‘rnini “to‘ldirib qo‘ygan” emas, balki mavsumning hozirgi qismida “shaharliklar”ning eng barqaror o‘yinchilaridan biri sifatida ko‘rinayapti.

Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, Abduqodir Husanov faqat iqtidor egasi emas — u zamonaviy futbol talablariga mos, universal himoyachi. Shuning uchun uni “Osiyoning eng yaxshi futbolchisi” deya atash — ko‘pchilik uchun kutilmagan sensatsiya emas, aksincha, maydonda ko‘rsatilgan mehnat va natijaning tabiiy bahosidir.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » "MYACH Production" Abduqodir Husanovni "Osiyoning eng zo‘ri" deb atadi