Laporta PSJ Yamal uchun necha million yevro taklif qilganini ochiqladi

“Barselona” prezidenti Joan Laporta Lamin Yamal atrofidagi eng katta transfer mish-mishlariga oydinlik kiritdi. Uning aytishicha, PSJ ikki yil oldin katalon klubiga yosh vinger uchun ulkan mablag‘ — 250 million yevro taklif qilgan, ammo “Barsa” bu taklifni qat’iy rad etgan.
— PSJ ikki yil avval bizga Lamin Yamal uchun 250 million yevro taklif qilgandi. Biz rad etdik. Unda 17 yosh edi — ba’zilar bizni aqldan ozgan deb o‘ylashgan! — dedi Laporta.
Laportaning bu gaplari shuni anglatadi: klub rahbariyati Yamalni shunchaki iste’dodli futbolchi emas, “kelajakning yuzi” deb ko‘ryapti. Pul qancha katta bo‘lmasin, bunday o‘yinchini qo‘ldan chiqarishni istamagan.
Ma’lumot uchun, Lamin Yamal “Barselona” asosiy jamoasida 2023 yil aprel oyidan beri to‘p surib kelyapti. U Ispaniya futbolida juda erta porlagan nomlardan: 15 yosh 290 kunligidayoq kattalar safida debyut qilgan.
Joriy mavsumda esa Yamalning raqamlari ham “hayrat rejim”da: u kataloniyaliklar safida barcha musobaqalarda 33 ta uchrashuvda maydonga tushib, 15 ta gol urdi va 14 ta golli uzatma amalga oshirdi. Ya’ni u faqat chiroyli dribling emas, natija ham berayotgan haqiqiy “ta’sir kuchiga” aylanib ulgurdi.
Qisqasi, PSJning 250 millionlik taklifi rad etilgan bo‘lsa, bu — “Barsa”ning Yamalga qo‘ygan bahosi pul bilan o‘lchanmasligini ko‘rsatadi. Endi eng qizig‘i: u shu tempda davom etsa, ertaga bu raqamlar umuman “qog‘ozga sig‘maydi”.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!