YECHL. "Inter"dan alamli "sensatsiya", "Nyukasl" va "Bayer" 1/8 finalda...

Yevropa Chempionlar ligasi pley-off bosqichi doirasidagi javob uchrashuvlaridan o‘rin olgan yana uchta bellashuv yakuniga yetdi. Bu galgi tun ham odatdagidek kutilmagan burilishlarga boy bo‘ldi: o‘tgan mavsum finalchisi “Inter” sensatsion tarzda musobaqani tark etdi, “Nyukasl” o‘z maydonida ishni oxirigacha yetkazdi, “Bayer” esa hashamatli o‘yin ko‘rsatmasa-da, kerakli natija bilan keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Eng katta shov-shuv Milanda kuzatildi. O‘tgan yilgi finalchi “Inter” o‘z muxlislari oldida “Budyo-Glimt”ni qabul qildi, ammo yana mag‘lub bo‘lib, Chempionlar ligasi bilan xayrlashdi. Italiyaliklar o‘yin davomida vaziyatni o‘zgartirishga urindi, Bastoni 76-daqiqada gol urib umidni tiriltirdi. Biroq norvegiyaliklar bungacha Hauge va Even orqali ikki bor mezbonlar darvozasini ishg‘ol qilib bo‘lgan edi. Natijada 1:2 hisobidagi mag‘lubiyat “Inter” uchun juda qimmatga tushdi — jamoa musobaqani kutilmagan tarzda tark etdi.
“Budyo-Glimt” esa yana bir bor o‘zining tasodifiy jamoa emasligini ko‘rsatdi. Tartib, intizom va sovuqqonlik — aynan shu sifatlar mehmonlarga kerakli natijani berdi. Qisqasi, bu to‘qnashuvda nom emas, tayyorgarlik va jasorat yutib chiqdi.
Inter – Budyo-Glimt 1:2 (Dastlabki o‘yin – 1:3)
Gollar: Bastoni 76 – Hauge 58, Even 72
Inter – Zommer, Bissek, Akanji, Bastoni, Luis Enrike (Diuf, 62), Fratezzi (Bonni 62), Ziyelinski (Suchich, 62), Barella, Dimarko, Espozito, Tyuram.
Budyo-Glimt – Xaykin, Shyovold, Byortuft, Gundersen, Byorkan, Even, Berg, Brunstad, Blomberg (Maatta, 77), Xyog (Helmersen, 77), Hauge.
Germaniyadagi bahs unchalik yorqin kechmadi, ammo “Bayer” uchun bu muhim emas edi. “Olimpiakos” bilan o‘yin 0:0 hisobida tugadi. Uchrashuvda gol bo‘lmadi, xavfli vaziyatlar ham ko‘p bo‘lmadi, lekin “dorishunoslar”ga aynan shu kerak edi. Chunki dastlabki bellashuvda qo‘lga kiritilgan 2:0 hisobidagi g‘alaba Leverkuzen klubiga umumiy hisobda ustunlik berdi. Shu tariqa, “Bayer” ortiqcha hayajonsiz, ammo ishonchli tarzda nimchorak finalga chiqdi.
Bayer — Olimpiakos 0:0 (Dastlabki o‘yin – 2:0)
Bayer – Blasvix, Kuansa, Tapsoba, Andrix, Grimaldo, Garsiya, Vaskes (Artur, 77), Palasios (Tape, 72), Maza (Pok-u, 56), Xofmann, Shik.
Olimpiakos – Zolakis, Rodiney, Retsos, Pirola, Ortega, Muzakitis, Esse, Garsiya, Martinsh, Shikinyu (Andre Luis, 66), Toremiy (Al-Kaabi, 66).
Angliyada esa kechaning eng sermazmun va tomoshabop uchrashuvlaridan biri bo‘lib o‘tdi. “Nyukasl” o‘z maydonida “Qorabog‘”ni qabul qildi va 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Maydon egalari o‘yinni chaqqon boshladi: Tonali 4-daqiqadayoq hisobni ochdi, ortidan Joelinton 6-daqiqada ustunlikni mustahkamladi. Bir qarashda, hammasi mezbonlar uchun juda oson kechadigandek tuyuldi.
Ammo “Qorabog‘” taslim bo‘lmadi. Ikkinchi bo‘limda Duran hisobni qisqartirdi, keyin Botman “Nyukasl”ning uchinchi golini urdi. Shundan so‘ng Jafarquliyev mehmonlar umidini yana tiriltirib, hisobni 3:2 ko‘rinishiga keltirdi. Qolgan daqiqalarda intriga saqlanib turdi, lekin angliyaliklar ustunlikni ushlab qoldi va keyingi bosqichga chiqdi.
Nyukasl — Qorabog‘ 3:2 (Dastlabki o‘yin – 6:1)
Gollar: Tonali 4, Joelinton 6, Botman 52 – Duran 51, Jafarquliyev 57
Nyukasl – Ramsdeyl, Trippiyer (Holl, 53), Botman (Uillok, 53), Joelinton (Gordon, 54), Tonali, Barns, Osula (Vissa, 73), D. Myorfi, Voltemade, Byorn, A. Myorfi.
Qorabog‘: Koxalski, Silva, Yankovich, Montel, Zubir, Duran, Bolt, Bikalo, Jafarquliyev, Huseynov, Medina.
Shu tariqa, bugungi javob bahslari yakuniga ko‘ra “Budyo-Glimt”, “Nyukasl” va “Bayer” o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani bajardi. “Inter” uchun esa bu tun alamli yakun topdi. Chempionlar ligasi yana bir bor bitta haqiqatni eslatdi: bu yerda kechagi nom va obro‘ emas, bugungi o‘yin hal qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!