Chempionlar Ligasi qurasi Real va Barselona raqiblari aniqlanadi

Juma kuni Chempionlar Ligasi pley-off bosqichiga qur’a tashlanadi va Yevropaning eng nufuzli klub turniri uchun to‘liq turnir yo‘li shakllantiriladi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Qur’a marosimi 27 fevral kuni UEFAning Nyondagi qarorgohida bo‘lib o‘tadi. Tadbir 16:00 da (Toshkent vaqti bilan) boshlanadi.
1/8 finalga yanvar oxiridayoq umumiy bosqichning 8 ta eng kuchli jamoasi yo‘l olgan edi. Yaqinda esa ularga pley-offga chiqish uchun o‘tkazilgan ikki o‘yinli styk raundi g‘oliblari qo‘shildi.
Umumiy bosqich orqali chiqqan jamoalar “seyalangan” maqomini oldi. Bu ularga 1/8 finalda javob uchrashuvini o‘z maydonida o‘tkazish imkonini beradi.
Seyalanganlar: Arsenal, Bavariya, Liverpul, Tottenhem, Barselona, Chelsi, Sporting, Manchester Siti.
Seyalanmaganlar: Real, PSJ, Nyukasl, Atletiko, Atalanta, Bayer, Galatasaray, Budyo-Glimt.
Bu galgi qur’a jarayoni nisbatan tez kechadi. Seyalanmagan jamoalar allaqachon turnir setkasidagi o‘z joylarini egallab bo‘lgan, endi esa seyalanganlar setkaning chap va o‘ng tomonlariga taqsimlanadi.
Seyalangan jamoalar umumiy bosqichdagi o‘rinlariga ko‘ra juft-juft qilib biriktirilgan. Keyin setka bo‘yicha chorak final juftliklari A, B, V va G guruhlarga ajraladi: yarim finalda A guruhi B guruhi bilan, V guruhi esa G guruhi bilan to‘qnashadi.
Seyalanganlar setkaga joylashtirib bo‘lingach, darhol 1/4 va 1/2 final uchun ham qur’a tashlanadi. Bu bosqichda tashkilotchilar asosan qaysi juftlik g‘olibi javob o‘yinini uyda o‘tkazishini belgilab beradi, chunki umumiy setka allaqachon to‘liq shakllangan bo‘ladi.
Qur’a har doim intriga. Hozirgi setka imkoniyatlariga qaraganda, 1/8 finaldayoq kamida bitta katta qarama-qarshilik aniq: PSJ raqib sifatida Barselona yoki Chelsidan biriga to‘g‘ri keladi.
Real yana Manchester Siti bilan to‘qnash kelishi ehtimoli bor. Bu jamoalar Chempionlar Ligasi pley-offida so‘nggi to‘rt mavsumning har birida uchrashgan. Yana bir qiziq detal: agar Real — Manchester Siti juftligi tushsa, unda Sporting — Budyo-Glimt juftligi ham shakllanadi. Muqobil variantda esa Real Sportingga, Manchester Siti esa Budyo-Glimtga qarshi maydonga tushadi.
Atletiko esa 1/8 finalda albatta ingliz klublaridan biriga qarshi o‘ynaydi: Diego Simeone jamoasiga Liverpul yoki Tottenhem raqib bo‘ladi. “Matraschilar” Angliyaga safar uchun tayyor turishi mumkin.
Atalanta Borussia bilan duelda yorqin kambekdan so‘ng (0:2 dan keyin 4:1) endi yanada og‘ir sinovga duch keladi: bergamoliklar Arsenal yoki Bavariya bilan to‘qnashadi. Chorak final yo‘llanmasi uchun kurash ularga oson bo‘lmaydi.
Shuningdek, 1/8 finalda bir mamlakat vakillari ham ro‘baro‘ kelib qolishi mumkin. Masalan, Chelsi Nyukaslga, Bayer esa Bavariyaga tushib qolish ehtimoli bor.
Chempionlar Ligasi 1/8 finalining ilk o‘yinlari 10–11 mart kunlari, javob uchrashuvlari esa 17–18 mart kunlari o‘tkaziladi. Chorak finallar aprel oyiga belgilangan: birinchi bahslar 7–8 aprel, javoblari 14–15 aprel.
Yarim finalning ilk uchrashuvlari 28–29 aprel kunlari bo‘lib o‘tadi, javob o‘yinlari esa 5–6 mayga rejalashtirilgan.
Chempionlar Ligasi finali 30 may kuni Budapeshtda bo‘lib o‘tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!