Opta superkompyuteri Chempionlar Ligasi favoritini aniqladi

Juma kuni Chempionlar Ligasi pley-off bosqichiga qur'a tashlandi va natijada turnir jadvali to'liq shakllandi. Shundan so'ng Opta mutaxassislari superkompyuterni ishga tushirib, musobaqa g'olibi bo'lish ehtimollari bo'yicha prognoz oldi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Hisob-kitoblarga ko'ra, Chempionlar Ligasini yutish uchun eng katta imkoniyat «Arsenal»da — 27,4%. Ikkinchi o'rinda «Bavariya» (14,3%), kuchli uchlikni esa «Liverpul» (12,8%) yakunlab turibdi.
Keyingi pog'onalarda «Manchester Siti» (10,8%), «Barselona» (7,7%), «Chelsi» (6,9%), «Nyukasl» (4,7%), PSJ (4,6%) va «Real» (2,8%) qayd etilgan.
Shu tariqa, «Real» superkompyuter bahosida atigi to'qqizinchi favorit bo'lib turibdi. 1/8 finalda Alvaro Arbeloa jamoasi «Manchester Siti»ga qarshi maydonga tushadi.
Qiziq jihati shundaki, Opta eng asosiy da'vogar deb ko'rsatgan «Arsenal» klub tarixida hali Chempionlar Ligasini qo'lga kiritmagan.
Chempionlar Ligasi pley-off setkasi va 1/8 finaldagi barcha juftliklar bo'yicha to'liq ma'lumotni alohida xabarimizda topishingiz mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!