Isroil dzyudochilari xavfsizlik sabab Toshkentni shoshilinch tark etdi

Toshkentda o‘tayotgan dzyudo bo‘yicha nufuzli “Grand Slam” turniri davomida kutilmagan holat kuzatildi. Isroil milliy terma jamoasi xavfsizlik bo‘yicha berilgan shoshilinch ko‘rsatmadan so‘ng musobaqadagi ishtirokini to‘xtatib, O‘zbekistonni zudlik bilan tark etdi. Bu haqda The Jerusalem Post nashri xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, qaror Isroilning ichki xavfsizlik xizmati — “Shin Bet” tomonidan qabul qilingan. Nashr bu qadam Eronga qarshi boshlangan “Operation Roaring Lion” amaliyotidan keyin mintaqada xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar kuchaygan bir paytga to‘g‘ri kelganini yozadi.
Isroil delegatsiyasi tarkibida Olimpiada kumush medali sovrindori Raz Xershko va milliy jamoaning yana bir taniqli a’zosi Gili Sharir ham bo‘lgan. Ular 2026 yil mavsumining dastlabki yirik startlaridan biri hisoblangan Toshkent “Grand Slam” musobaqasida qatnashish uchun kelgandi. The Jerusalem Post ma’lumotiga ko‘ra, ko‘rsatmaga binoan sportchilar va Isroil dzyudo assotsiatsiyasi rahbari Moshe Ponte ishtirokni darhol to‘xtatib, mamlakatni tark etishga chaqirilgan.
Manbada qayd etilishicha, jamoa bu topshiriqqa amal qilib, Markaziy Yevropadagi manzillardan biriga uchib ketgan. Hozircha Isroil dzyudo assotsiatsiyasi tomonidan rasmiy bayonot berilmagani ham aytilmoqda.
Toshkentdagi “Grand Slam” musobaqasi esa haqiqatdan ham yil boshidagi muhim reyting ochkolarini taqdim etuvchi nufuzli turnirlardan biri hisoblanadi. Xalqaro dzyudo federatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilgi Toshkent “Grand Slam” 27 fevraldan 1 martgacha o‘tkazildi va unda 39 davlatdan 370 nafar dzyudochi qatnashdi. Bu musobaqa World Judo Tour taqvimining muhim bosqichlaridan biri sanaladi.
Shu tariqa, sport arenasidagi navbatdagi nufuzli bellashuv ham geosiyosiy keskinlik ta’siridan chetda qolmadi. Toshkent tatamisida medallar uchun kurash davom etayotgan bir paytda, xavfsizlik omillari ayrim jamoalar qarorlariga bevosita ta’sir o‘tkazayotgani yana bir bor namoyon bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!