date

«Real» yana qoqildi: endi chempionlik poygasi yanada keskinlashdi

«Real» yana qoqildi: endi chempionlik poygasi yanada keskinlashdi

Ispaniya chempionatining 26-turida kutilmagan natija qayd etildi: «Real» o‘z maydonida hamshahari «Xetafe»ni qabul qilib, minimal hisobda mag‘lub bo‘ldi. «Santyago Bernabeu»da kechgan bahsda mehmonlar bir imkoniyatdan unumli foydalandi, madridliklar esa bosimga qaramay, javob golini topa olmadi. Ushbu mag‘lubiyat «qaymoqranglilar» uchun nafaqat ochko yo‘qotish, balki chempionlik kurashida jiddiy zarba bo‘ldi.

Uchrashuv taqdirini 39-daqiqada Martin Satriano hal qildi. Uning birinchi bo‘limdagi aniq zarbasi «Xetafe»ga katta g‘alaba olib keldi. Qolgan daqiqalarda «Real» ko‘proq to‘p nazoratiga ega bo‘ldi, ko‘p hujum qildi, ammo mehmonlar himoyasi va darvozabonning ishonchli harakatlari sabab hisob o‘zgarmadi. ESPN statistikasiga ko‘ra, madridliklar to‘pga 77 foizdan ortiq egalik qildi, biroq bu ustunlik tabloda aks etmadi.

La Liga. 26-tur

Real — Xetafe 0:1

2-mart, «Bernabeu»

Gol: Satriano (39).

Real — Kurtua, Trent (Karvaxal, 55), Ryudiger, Alaba (Heysen, 55), Karreras, Valverde, Chuameni (Dias, 87), Guler (Mastantuono, 69), Pitarch (Rodrigo, 55), Gonsalo, Viniius.

Xetafe — Soria, Iglesias, Dominges, Boselli, Romero, Riko, Femenia (Liso, 58), Milya, Arambarri, Satriano (Abkar, 90+1), Vaskes (Martin, 69).

Ogohlantirishlar: Femenia (8), Arambarri (35), Riko (64), Heysen (68), Chuameni (71), Liso (79), Satriano (84), Karreras (90+4), Vinisius (90+4).

Chetlatishlar: Mastantuono (90+5), Liso (90+7).

Bu natijadan so‘ng Alvaro Arbeloa boshqarayotgan jamoa ketma-ket ikkinchi mag‘lubiyatini qabul qildi va 60 ochko bilan ikkinchi o‘rinda qoldi. Peshqadam «Barselona» esa 64 ochko bilan oldinga chiqib ketgan, demak, endilikda orada 4 ochkolik farq bor. Mavsum hali davom etayotgan bo‘lsa-da, bu yo‘qotish Madrid klubining chempionlik rejalariga sovuq tushirdi.

«Xetafe» uchun esa bu shunchaki navbatdagi g‘alaba emas, balki mavsumning eng yorqin natijalaridan biri bo‘ldi. Qattiq tartib, sabr va intizom evaziga ular 32 ochkoga yetdi va jadvalda 11-pog‘onaga ko‘tarildi. Qisqasi, kichik imkoniyatdan katta foyda chiqarish borasida mehmonlar bu safar haqiqiy namuna ko‘rsatdi.

Uchrashuv so‘nggi daqiqalarda yanada asabiy tus oldi. Qo‘shimcha vaqtda «Real» futbolchisi Mastantuono to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka oldi, «Xetafe»dan esa zahiradan tushgan Adrian Liso ikkinchi sariq ortidan maydonni tark etdi. Shu tariqa, bahs faqat sensatsion hisob bilan emas, balki keskin oxiri bilan ham muxlislar yodida qoldi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » «Real» yana qoqildi: endi chempionlik poygasi yanada keskinlashdi