Atletiko Madrid Julian Alvaresni sotish niyatida emas

Madridning "Atletiko" klubi prezidenti Enrike Sereso jamoa hujumchisi Julian Alvaresning kelajagi borasidagi mish-mishlarga chek qo'ydi. So'nggi vaqtlarda argentinalik futbolchiga "Arsenal" va "Barselona" klublari tomonidan qiziqish ortib borayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq, Madrid klubi rahbariyati o'z yulduzini qo'yib yuborish niyatida emas. Bu haqda goal.com xabar beradi.

Seresoning ta'kidlashicha, Alvares klubning uzoq muddatli loyihasidagi eng muhim o'yinchilardan biri hisoblanadi. "U bizning futbolchimiz va amaldagi shartnomasi bor. U sotuvga qo'yilmagan", — deya qat'iy bayonot berdi klub prezidenti. Shu tariqa, madridliklar yozgi transfer oynasida futbolchi atrofidagi har qanday muzokaralarni rad etishini ma'lum qildi.
Joriy mavsumda 26 yoshli hujumchi barcha musobaqalarda 14 ta gol urib, 6 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning ishonchli o'yini "Atletiko"ga Ispaniya Kubogi finaliga chiqish va Chempionlar ligasida muvaffaqiyatli qatnashishda katta yordam berdi. Klub direktori Mateu Aleman ham Alvares borasida boshqa jamoalar bilan hech qanday muloqot bo'lmaganini tasdiqladi.

Ayni damda "Atletiko" tarkibdagi barqarorlikni saqlab qolishga intilmoqda. Alvares masalasi yopiq deb e'lon qilingan bo'lsa-da, jamoaning yana bir yetakchisi Antuan Grizmann atrofidagi mish-mishlar hamon davom etmoqda. Biroq, klub rahbariyati hozircha faqat mavsumning hal qiluvchi pallalariga e'tibor qaratishni afzal ko'rmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!