Ronaldu ta'siri Almeriya obunachilari sonini oshirdi

Ispaniya futbolining ikkinchi divizioni vakili bo'lgan "Almeriya" klubi ijtimoiy tarmoqlarda misli ko'rilmagan natijani qayd etdi. Jamoaning Instagram sahifasidagi obunachilar soni 3 milliondan oshib ketdi va bu ko'rsatkich bilan klub Ispaniyaning eng mashhur 5 ta jamoasi ro'yxatidan joy oldi.
Klubning bunday tezkorlik bilan ommalashib ketishiga portugaliyalik yulduz futbolchi Krishtianu Ronaldu sababchi bo'ldi. Joriy yilning fevral oyida "An Nasr" hujumchisi "Almeriya" aksiyalarining 25 foizini sotib olib, klub egalaridan biriga aylangan edi. Aynan shu voqeadan so'ng muxlislar va futbol ishqibozlarining jamoaga bo'lgan qiziqishi keskin ortdi.
Ayni damda "Almeriya" o'zining ijtimoiy tarmoqlardagi auditoriyasi bilan 3,7 million obunachiga ega "Sevilya" klubini ortda qoldirish arafasida turibdi. Ispaniya futbolida esa Instagram tarmog'ida eng ko'p obunachiga ega klublar ro'yxatini "Real Madrid" boshqarib bormoqda. Madridliklarning 181 million, "Barselona"ning 146 million hamda "Atletiko"ning 18 million obunachisi mavjud.
