«Real» hujumchisi og‘ir jarohatda keyin jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi

Madridning "Real" klubi hujumchisi Rodrigo Goes muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi. Braziliyalik futbolchining o'ng oyog'idagi oldingi xochsimon bog'lamalar va tashqi menisk yorilishi aniqlangach, shifokorlar zudlik bilan operatsiya o'tkazishga qaror qilishdi. Klub rasmiy saytining ma'lum qilishicha, jarrohlik jarayoni "Real" tibbiyot xizmati nazorati ostida amalga oshirilgan.
Ushbu noxush holat Ispaniya chempionatining 26-turi doirasida "Xetafe"ga qarshi kechgan bahsda yuz berdi. Qizig'i shundaki, Rodrigo jarohat olganiga qaramay, uchrashuvni oxirigacha yakunlab qo'ygan. U maydonga 55-daqiqada tushgan bo'lsa-da, og'riqqa chidab o'yinni davom ettirgan. Endilikda futbolchi yaqin kunlardan boshlab tiklanish jarayoniga kirishadi.
Joriy mavsumda Rodrigo "Real" safida barcha musobaqalarda 27 ta uchrashuvda maydonga tushishga ulgurdi. U o'z hisobiga 3 ta gol va 6 ta golli uzatmani yozdirib qo'ygan. Hozircha futbolchining safga qaytish muddati haqida aniq ma'lumot berilmadi, biroq bunday turdagi jarohatlar odatda uzoq muddatli reabilitatsiyani talab qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!