“Real” yozgi transfer oynasida olti futbolchi sotib olmoqchi

Madridning mashhur grandi — «Real Madrid» kelasi yoz transfer oynasida tarkibni jiddiy ravishda yangilashni rejalashtirmoqda. Klub rahbariyati jamoani yanada raqobatbardosh qilish va pozitsiyalarni mustahkamlash maqsadida bir qator xaridlarni amalga oshirishni ko‘zlamoqda.
Cadena SER nashri xabar berishicha, «qirollik klubi» kelasi transfer davrida jami olti nafar yangi futbolchini safiga qo‘shib olish niyatida. Bu xaridlar qanot himoyachilari, markaziy himoyachi, tayanch yarim himoyachi, pleymeyker, o‘ng qanot vingeri va markaziy hujumchi pozitsiyalarini qamrab olishi mumkin.
Madridliklar short-listni allaqachon tayyorlab qo‘ygan va asosiy e’tibor yarim himoya chizig‘ini kuchaytirishga qaratilgan. Chunki jamoada uzoq yillar davomida hal qiluvchi rol o‘ynagan Toni Kroos va Luka Modrich kabi ustalarning vazifasini bajara oladigan yangi pleymeyker topish dolzarb ahamiyatga ega.
Manbaga ko‘ra, bu pozitsiya uchun asosiy nomzod sifatida Vitinya ko‘rilmoqda. Hozirda portugaliyalik yarim himoyachi «PSJ» safida to‘p surayotgan bo‘lib, madridliklar diqqat markazida turibdi.
Shu bilan birga, klub hujum chizig‘ini ham kuchaytirishni rejalashtirgan. Yosh iste’dod egasi Endrik ijaradan keyin «Lion»dan qaytgach, «Real Madrid» hujumini yanada serquvvat qilishni ko‘zlamoqda.
Bundan tashqari, iqtidorli yarim himoyachi Niko Pas ham ehtimoliy ravishda «Komo»dan o‘zining sobiq klubi — «Real Madrid» safida qaytishi mumkin.
Qisqasi, madridliklar kelasi mavsum oldidan tarkibni jiddiy yangilashga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Agar rejalar amalga oshsa, «Real Madrid» yanada kuchli, muvozanatli va raqobatbardosh tarkib bilan yangi mavsumga kirishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!