«Barselona» yirik g‘alaba bilan «Sevilya»dan revansh oldi

Ispaniya La Ligasining 28-turida «Barselona» o‘z maydonida «Sevilya»ni qabul qilib, muxlislarga gollarga boy va juda qiziqarli uchrashuv taqdim etdi. Kataloniya klubi raqib darvozasiga 5 ta gol yo‘llab, birinchi davradagi 1:4 hisobidagi mag‘lubiyat uchun o‘ziga xos revansh oldi.
Uchrashuv boshidanoq maydon egalari faol harakat qildi. 9-daqiqada Rafinya penalti orqali hisobni ochdi. Oradan ko‘p o‘tmay, 21-daqiqada braziliyalik hujumchi yana penaltidan foydalanib, hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. «Barselona»ning hujumlari shu bilan to‘xtab qolmadi. 38-daqiqada Dani Olmo raqib darvozabonini yana bir bor noqulay holatga solib, jamoasining uchinchi goliga mualliflik qildi.
Birinchi taymning qo‘shimcha daqiqalarida Oso «Sevilya» hisobidagi golni kiritib, farqni qisqartirdi. Ammo ikkinchi bo‘lim boshida Rafinya yana o‘z so‘zini aytdi. 51-daqiqada u het-trikka erishib, jamoasining ustunligini yanada mustahkamladi. 60-daqiqada esa Joau Kanselu gollar festivalini davom ettirib, «Barselona»ning beshinchi golini kiritdi.
Uchrashuv oxirida Sou 90+2-daqiqada «Sevilya»ning ikkinchi golini urdi. Shunday qilib, o‘yin 5:2 hisobida maydon egalari foydasiga yakunlandi.
Ushbu bahsda yana bir muhim voqea ro‘y berdi. Kataloniya klubining iqtidorli yarim himoyachisi Gavi uzoq davom etgan jarohatdan so‘ng maydonga qaytib, muxlislarni quvontirdi.
La Liga. 28-tur
Barselona — Sevilya 5:2
Gollar: Rafinya (9 penalti, 21 penalti, 51), Olmo (38), Kanselu (60) — Oso (45+3), Sou (90+2).
Barselona — Garsiya, Espart, Kubarsi, Martin, Kanselu (Arauxo, 66), Pedri (Fermin, 46), Bernal (Kasado, 67), Olmo, Bardakchi (Yamal, 67), Rafinya (Gavi, 82), Levandovski.
Sevilya — Vlaxodimos, Xuanlu, Kuassi (Kastrin, 70), Gudel, Suazo (Vargas, 46), Agume (Bueno, 78), Sou, Karmona (Ejuke, 46), Sanches, Oso, Adams (Mope, 46).
Ogohlantirish: Suazo (37).
Bu g‘alabadan keyin Xansi Flik boshchiligidagi «Barselona» o‘z ochkolari sonini 70 taga yetkazib, turnir jadvalidagi peshqadamligini yanada mustahkamladi. Yaqin ta’qibchi «Real Madrid» 66 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda va jamoalar o‘rtasidagi farq 4 ochkoni tashkil etmoqda.
«Sevilya» esa 31 ochko bilan turnir jadvalida 14-pog‘onada qolmoqda va mavsumning qolgan qismida o‘z pozitsiyasini yaxshilashga harakat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!