22:30 / 27.03.2017
3 189

Og‘ir harakat samarasi «0» yoxud terma jamoamiz o‘yiniga yana bir nazar

Og‘ir harakat samarasi «0» yoxud terma jamoamiz o‘yiniga yana bir nazar
O‘zbekiston milliy jamoasi Rossiya-2018 mundiali yo‘lida navbatdagi saralash uchrashuvida shunday sust ko‘rindiki, hafsala yo‘qotmagan muxlis qolmadi, hisob. Boz ustiga, Suriya termasiga qarshi uchrashuv Shom yurtidagi siyosiy beqarorlik tufayli neyt­ral hudud - Malayziyada tashkillandi. Shuni nazarda tutgan muxlislarimiz Samvel Babayan shogirdlarining ortga 3 ochko bilan qaytishlariga qattiq ishonishgandi. Qolaversa, stadionda yig‘ilgan atigi 350 nafar muxlisdan ko‘pi bizning jamoani qo‘llab turgani yaqqol bilindi. Termamiz ortidan Malayziyaga borgan shu muxlislar, teleekranlar qarshisida mo‘ltillab o‘tirgan ming-minglab (to‘g‘rirog‘i, millionlab) yurtdoshlarimizga achinasan kishi. O‘ta bo‘sh va tushunarsiz harakatlar, oddiy elementar xatolar va natija - «0»ga teng. Boshqacha aytganda, yil boshidan buyon BAA va Turkiyada olib borilgan yig‘inlaru Malayziya safari samarasini shu yumaloq raqam bilan ifodalashdan o‘zga chora yo‘q. Demakki, xarajatlar va harakatlarga ham achinish mumkin...

O‘yin manzarasi

Avvalo, har ikki jamoaning iqlimga qarshi kurashishiga to‘g‘ri keldi. Deylik, o‘yin boshlanmasdanoq futbolchilar va hattoki, murabbiylar terga botib bo‘lishgandi. Bunday sharoitda o‘yinchilarning to‘liq kuch bilan harakatlanishlari og‘ir kechishi tayin. Shu bois, jamoa­mizga standart vaziyatlar qo‘l kelishi mumkin edi. 3-daqiqadayoq vakillarimiz aynan jarima zarbasidan keyin hisobni ochishga yaqin kelishdi. Chap qanotda belgilangan «standart»ni Server Jeparov amalga oshirgach, Anzur Ismoilov boshi bilan to‘p yo‘nalishini o‘zgartirishga urindi. Biroq bo‘ydor himoyachimiz etolmadi va to‘p shundoq darvoza ustuni yonidan o‘tib ketdi. Jamoamizning keyingi xavf­li vaziyati 14-daqiqaga to‘g‘ri keldi. Odil Ahmedov uzatmasidan ke­yin Jaloliddin Masharipov chap qanotda bir himoyachini aldab, jarima maydonchasiga kirdi va zarba berdi - aniq, ammo kuchsiz. Natijada to‘p raqib darvozaboni «o‘lja»siga aylandi. Qolgan daqiqalarda futbolchilarimizning harakatlari tobora og‘irlashib boraverdi. Tabiiyki, suriyaliklar bundan foydalanish harakatini paysalga solishmadi. Ular darvozamiz oldida tahlikali vaziyatlar ham yaratishdi. Lekin tanaffusgacha hisob ochilmadi.

Ikkinchi bo‘lim xuddi birinchisi kabi boshlandi. Uning boshida vakillarimiz oldinga borib, burchak to‘pi tepish huquqini ishlashdi. To‘p jarima maydoni ichiga balandlatib etkazib berilgach, Egor Krimes uni darvoza tomon burdi, ammo so‘nggi pallada himoyachi xavfni bartaraf etdi. Shu-shu raqib posboni boshqa tahlikali vaziyatga duch kelgani yo‘q. O‘yin tugashi arafasida esa suriyaliklar tezkor qarshi hujumga o‘tishdi hamda Egor Krimesni xato qilishga majburlashdi. Aniqrog‘i, siyosiy qarashlari tufayli terma jamoaga anchadan buyon chaqirilmagan va shu o‘yin arafasida qayta jalb etilgan faxriy hujumchi Firas al Xatib o‘z ishini uddaladi. Ya’ni zaxiradan maydonga tushgan futbolchi Egor bilan kurashda toza penalti ishladi. Jamoa etakchisi Umar Harbin esa Aleksandr Lobanov bilan duelda o‘zini o‘ta xotirjam tutdi - yengil va nafis zarba, chiroyli gol. Ha, penaltidan ham chiroyli gol urish mumkin. Afsuski, Malayziyada ayni shunday gol bizning darvozamizga urildi... Alohida futbolchilar harakatiga baho berishga kelsak, bundan ma’no yo‘q. Zero, kimnidir ajratib ko‘rsatish mushkul. Go‘yoki, hamma bir-biridan ko‘proq xato qilgandek tuyuldi va eng achinarlisi, yaqqol faollik ko‘rsatgan futbolchi ko‘rinmadi. Tanlangan tarkib va amalga oshirilgan o‘zgarishlar masalasida esa savollar bisyor. Ammo hozir bu haqda gapirishning mavridi emas. Zero, bugun yana bir o‘yin bor va Samvel Vyacheslavovichning o‘zi «Malayziya noli»dan tegishli xulosalar chiqargan bo‘lsa kerak...

O‘yin statistikasi

Alamli va hammani bezdirgan mag‘lubiyatdan so‘ng hamyurtimiz, futbol mutaxassisi Alisher Nikimbaev Facebook tarmog‘idagi shaxsiy sahifasi orqali o‘yinga bog‘liq ayrim raqamlarga e’tibor qaratdi. Bunda u Wyscout kompaniyasi mutaxassisi Oleg Sagaydak taqdim etgan statistikani dastak qilib olgan. Demak, ma’lum bo‘lishicha, uzatmalari soni bo‘yicha terma jamoamiz ustunlik qilgan: 366ga 319. Futbolchilarimiz birinchi bo‘limda raqiblardan 51 marta (206 - 155) ko‘p to‘p oshirishgan. Tanaffusdan keyin esa bu ko‘rsatkich salbiy ko‘rinish olgan: 160ga 164. Shundan ham xulosa chiqarish mumkinki, vakillarimiz ikkinchi 45 daqiqalikda ancha sustlashishgan, suriyaliklar esa aksincha, nisbatan faollashishgan. Hujum chizig‘idagi texnik harakatlar borasida esa Suriya termasi ustunlik qilgan: 77ta (32Q45). Terma jamoamizda bu ko‘rsatkich atigi 53ta (19Q34)ga teng. Bundan kelib chiqadiki, raqib butun o‘yin davomida ma’lum darajada xavf­liroq o‘ynagan.

Yana bir qiziqarli dalil: Samvel Babayan jamoasining har 7ta uzatmasidan atigi 1tasi oldingi chiziqqa yo‘naltirilgan. Suriyaliklar esa har 4ta uzatmadan birida to‘pni aynan hujum chizig‘i tomon etkazib bergan. Bunisi endi raqib o‘yini nisbatan sifatliroq chiqqanidan dalolat. Xavf­li vaziyatlar masalasiga kelsak, bu borada ham Suriya termasi oldinda: 6 - 4. Darvoza tomon berilgan zarbalar tafovutida ham shunday manzarani ko‘rish mumkin: 15 - 10. Hujumni yakunlash statistikasi: 39 - 23. Pozision hujumlar farqi: 13 - 4. Xullas, barchasida Suriya termasi oldinda. To‘g‘ri, birgina hujumni to‘sish bo‘­yicha eng yaxshi ko‘rsatkich o‘zbekistonlik futbolchilarga tegishli. Aziz Haydarov 12 marta, Anzur Ismoilov esa 9 marta raqib hujumini uzib qo‘ygan. Suriyalik biror futbolchida bu ko‘rsatkich 6tadan ko‘p emasligi yigitlarimiz etarli darajada hujum uyushtirishmaganini anglatadi. Xullas, O‘zbekiston termasi ijrochilar soni va saviyasi bo‘yicha ustun sanalsada, murabbiy bundan samara chiqarolmaganini ko‘rish mumkin. Deylik, Server Jeparov to‘pni naq 9 marta oldirib qo‘yganini qanday izohlash mumkin?

O‘zgacha munosabat

Terma jamoalar markazining o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkillash bo‘limi mas’ul xodimi Sherzod Egamberdiev esa milliychilarimiz ko‘rsatayotgan natija uchun murabbiylarga haykal qo‘yish kerakligini ta’kidladi. «Afsuski, biz Braziliya, boy Qatar yoki BAA ham emasmiz. Borimiz shu. Aslida murabbiylarimizga ko‘rsatayotgan natijalari uchun haykal qo‘yish kerak. Jamoani «o‘ldirmasdan», qo‘llab-quvvatlash foydaliroq. Axir futbolchilar ham JChga chiqishni istashadi...»,-deb yozdi Egamberdiev «Feysbuk»dagi tortishuvlardan birida.

Tarkib masalasi

Yana bir jihatga e’tibor qaratsak, terma jamoamiz tarkibning umumiy yosh jihatidan guruhdagi raqiblarga qaraganda, «katta»roq. Aytaylik, mag‘lubiyatga uchrash u yoqda tursin, hali o‘z darvozasidan biror marta to‘p ham olib chiqmagan Eron termasi tarkibining o‘rtacha yoshi 23 ga teng. Qarangki, forslar shunday yosh tarkib bilan OFK jamoalari ichida o‘yin bobida ham, FIFA reytingida ham haqli ravishda eng kuchlisi bo‘lib turibdilar. Ular so‘nggi marta 4 yil avval Tehronda aynan bizning jamoaga yutqazishgan. Endi taqqoslash uchun aytsak, Suriya termasiga qarshi o‘yinda maydonga tushgan 14 nafar futbolchimizning o‘rtacha yoshi 28,28 ni tashkil qilmoqda. E’tiborli tomoni, shu futbolchilardan naq 7 nafari 30 yoshdan katta. Raqib tarkibining o‘rtacha yoshi esa 25,5 ga teng. Guruhdagi bosh­qa raqiblar ham tarkibning o‘rtacha yoshi bo‘yicha Samvel Babayan tuzgan terma bilan tenglasholmaydi. Masalan, safida «qariya»lar» ko‘p to‘plangan Xitoy termasi Janubiy koreyaliklar bilan o‘yinda o‘rtacha yoshi 28 yoshga teng tarkibga tayandi. Koreyaliklarda esa bu ko‘rsatkich 26,5 yoshni tashkil qildi. Eronliklarga yutqazgan Qatar termasining o‘rtacha yoshi ham aynan 26,5 ga teng. Xullas, O‘zbekiston termasi 6-turda guruhdagi eng «qariya» jamoa bo‘ldi.

Eslang, Samvel Vyacheslavovich endi ish boshlagan vaqtlarda qo‘l ostidagi terma jamoaga «O‘zbekiston tarixidagi eng kuchlisi» sifatini bergandi. Ammo taassufki, 2011-2012 yillarda shakllantirilgan kuchli terma jamoani ko‘rmayapmiz. Murabbiy qanday bahona qilmasin, futbolchilarni talab darajasida tayyorlay olmagani fakt. Buni hamma ko‘rdi. U ham «Osiyoda barcha futbol o‘ynashni o‘rganib olgan», deyishi mumkin. Lekin ko‘rinib turibdiki, jamoamizning o‘zgarmas o‘yin uslubini o‘rganib olishgan va shunisi to‘g‘riroq bo‘lsa kerak. Umuman, yo‘lga qo‘yilgan o‘yin chizgilari, yig‘inlardan biror naf chiqmagani haqida alohida, batafsilroq maqola yozish mumkin. Oddiy misol, Malayziyadagi o‘yinda fevral oyida Turkiyada tashkillashtirilgan yig‘inda ishtirok etganlardan atigi 5 nafari maydonga tushirildi. Bas, xulosa shuki, yig‘inlarda sinab ko‘rilganlardan naf chiqmabdi, hisob. Unda nima keragi bor bunday yig‘inlarning?

O‘yin atrofida

Yoshlarni sinab ko‘rish, ularni terma jamoa muhitiga moslashtirib borish uchun nega ko‘proq o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkil etilmasligi - katta masala. Bu borada Terma jamoalar markazi qanday ishlar bilan shug‘ullanayotgani qiziq. Masalan, 23 mart kuni Malayziyada o‘ynashimiz ancha avval aniq bo‘lib ulgurgandi. 4-5 kun avval shu hudud yoki unga yaqinroq joyda, ya’ni terma jamoa yig‘ini doirasida o‘rtoqlik o‘yini tashkil qilish mumkin emasmidi? Vaholanki, terma jamoa sabab, «Paxtakor»ning o‘yini oldinga surildi, «Bunyodkor» va «Lokomotiv»niki esa no’malum muddatga qoldirildi. Xullas, Suriya termasiga qarshi kechgan nursiz o‘yindan dillar xufton bo‘ldi. Ha, mag‘lubiyat muxlislarga juda og‘ir botgani ayni haqiqat. Deylik, o‘yin tugashi hamono ijtimoiy tarmoqlarda futbolchi va murabbiylar ishiga nisbatan fikrlar «qaynadi». Bundan tashqari, muxlislar, mutaxassislar, jurnalistlar terma jamoa o‘yini yuzasidan «nordon» tahliliy maqolalar chop etmoqdalar. Xususan, muxlislar bosh murabbiydan iste’fo talab qilishmoqda. Ko‘pchilikning fikricha, O‘zbekiston termasi bunday o‘yin bilan jahon chempionatiga borolmaydi va bunga loyiq ham emas. Eng alamlisi, 6-marta jahon chempionati saralash bahslarida qatnashayotgan milliy jamoamiz 6-marta shunday og‘ir holatga tushyapti. Ma’lumki, Vadim Abramov davrida arab jamoalarini xotirjam engish immuniteti yaratilgan edi. Hozir esa... Arab futbolchilaridan yana cho‘chiy boshlaganimiz kishini xavotirga solmay qo‘ymaydi. Lekin umid shuki, bugun futbolchilarimiz Qatar termasiga qarshi Malayziyadagi kabi bema’ni, tuturiqsiz o‘yin namoyish qilishmaydi va yuqoridagi fikrlar to‘liq asosli emasligini isbotlashadi. Qaniydi, xato o‘ylaganimiz tasdiqlansa....

SURIYa - O‘ZBEKISTON - 1:0 (0:0)

23 mart. Mallakka. Hang Jebat stadioni. 350 tomoshabin.

Hakamlar: Muhammad Abdulloh Hassan, Muhammad al Hammadiy, Hassan al Mahriy (BAA).

Gol: Umar Harbin (90}1-pen.).

Suriya: Ibrohim Almeh, Ahmad al Solih, Muayad al Ajjan, Omro al Midaniy, Amro Jeniat, Umar Harbin, Mahmud al Mavas (Firas al Xatib, 85), Fahad Yusuf (Uday Abduljaffal, 75), Muhammad Tamir, Mardek Mardekian (Nasuh Nakdaliy, 66), Xolid al Mobayd.

O‘zbekiston: Aleksandr Lobanov, Davron Hoshimov, Egor Krimes, Anzur Ismoilov, Islom To‘xtaxo‘jaev, Aziz Haydarov, Odil Ahmedov, Marat Bikmaev (Aleksandr Geynrix, 77), Server Jeparov, Jaloliddin Masharipov (Eldor Shomurodov, 54), Temurxo‘ja Abduxoliqov (Igor Sergeev, 63).

Ogohlantirishlar: Amro Jeniat (2), Xolid al Mobayd (44), Umar Harbin (69), Omro al Midaniy (90}3) - Islom To‘xtaxo‘jaev (13), Davron Hoshimov (83).

Eng yaxshi o‘yinchi: Umar Harbin (Suriya).

«A» guruhidagi holat

Eh, Xitoy termasining Janubiy koreyaliklarni ortga ochkosiz jo‘natishganini o‘ylab, yana siqilasan, «uf» tortasan beixtiyor. Axir jamoa­miz Malayziyada g‘alaba qozonganida Marchello Lippi shogirdlarining 1:0 hisobidagi yutuqlari tufayli guruhda yana 2-qatorga ko‘tarilardi-ya... Ha, 35-daqiqada Yu Dabao tomonidan urilgan gol ortidan kelgan g‘alaba italyan mutaxassisi Xitoy termasini o‘zgartirganidan dalolat. Aytgancha, bu Chin yurti vakillari uchun uchinchi saralash bosqichidagi dastlabki g‘alabadir. Natijada Xitoy termasi hisobidagi ochkolar soni 5taga etdi va jamoa kurashga qaytdi, chog‘i.

Guruh karvonboshisi - Eron termasi esa Qatar safaridan minimal hisobdagi yutuq bilan qaytdi. Xullas, Karlush Keyrush jamoasining mavqei ancha mustahkamlandi, Qatar termasi aksincha, guruh jadvalida 6-o‘ringa surildi. Lekin mezbonlarning forslarga qat’iy qarshilik ko‘rsatishganini alohida ta’kidlash kerak. Ularga faqat hujumlarni yakuniga etkazish xislati etishmadi.


Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Og‘ir harakat samarasi «0» yoxud terma jamoamiz o‘yiniga yana bir nazar