Lamin Yamal La Ligada rekord o‘rnatib tarixga kirdi

“Barselona”ning yosh va isteʼdodli hujumchisi Lamin Yamal Ispaniya chempionatining 31-turida “Espanyol”ga qarshi uchrashuvda asosiy tarkibda maydonga tushdi va yana bir muhim bosqichni bosib o‘tdi.
Opta statistikasiga ko‘ra, ushbu bahs ispan futbolchisi uchun La Ligadagi 100-o‘yin bo‘ldi. Shu tariqa, Yamal 18 yosh 272 kunlik yoshida Ispaniya chempionatida 100 ta o‘yin o‘tkazgan eng yosh futbolchi sifatida tarixga kirdi.
Avvalgi rekord “Real Madrid”ning sobiq yulduzi Raul Gonsalesga tegishli bo‘lib, u 19 yosh 284 kunligida La Ligada 100 ta o‘yinga chiqqan edi. Yamal esa bu natijani ancha erta yangilab, yangi standart o‘rnatdi.
Lamin Yamal “Barselona” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va klub bilan tuzgan shartnomasi 2031 yil 30 iyunga qadar amal qiladi. Bu esa klub uni uzoq muddatli loyiha sifatida ko‘rayotganini ko‘rsatadi.
Joriy mavsumda yosh hujumchi barcha musobaqalarda 42 ta o‘yin o‘tkazib, 21 ta gol va 16 ta golli uzatma bilan ajralib turibdi. Uning barqaror formasi “Barselona” uchun katta quvvat manbaiga aylanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!