"Chelsi" futbolchilari kiyinish xonasida Garnachoga hujum qilishdi

"Manchester Yunayted"ga qarshi mag'lubiyatdan so'ng, "Chelsi" kiyinish xonasida futbolchilar yomon o'yin ko'rsatgan jamoadoshi Alexandro Garnachoga hujum qilishdi. Sobiq jamoasiga qarshi bahsda 15 marta to'p yo'qotgan va himoyada xatoga yo'l qo'ygan argentinalik vinger nafaqat jamoadoshlari, balki yetakchi Koul Palmer tomonidan ham keskin tanqid qilindi. "Manchester Yunayted" futbolchilari ijtimoiy tarmoqlarda Garnachoning omadsizligi ustidan kulishgan bo'lsa, "Chelsi" rahbariyati 1912-yildan beri eng yomon natijasini qayd etayotgan jamoaning ushbu a'zosini yozda sotib yuborish variantini ko'rib chiqmoqda.
"Chelsi" jamoasining kiyinish xonasida "Manchester Yunayted"ga qarshi o'yindagi 0:1 hisobidagi mag'lubiyatdan so'ng vaziyat keskinlashdi. Tanaffus vaqtida londonlik futbolchilar o'z jamoadoshi Alexandro Garnachoning sobiq klubiga qarshi ko'rsatgan yomon o'yinidan norozi bo'lib, unga hujum qilishgan. Argentinalik vinger 16-daqiqada jarohat olgan Estevao o'rniga maydonga tushgan edi, biroq uchrashuv davomida samarali harakat qila olmadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Garnachoning o'yini nafaqat hujumda, balki himoyada ham tanqidga uchradi. Xususan, u Bruno Fernandesga qarshilik ko'rsata olmadi, natijada "Manchester Yunayted" sardori Mateus Kunyaning g'alaba goliga assistentlik qildi. Maydonning o'zida jamoa yetakchisi Koul Palmer ham Garnachoga bir necha bor tanbeh bergan. Yosh futbolchi o'yin davomida jami 15 marta to'pni yo'qotgani qayd etildi.

"Manchester Yunayted" futbolchilari esa sobiq jamoadoshlari ustidan qozonilgan g'alabani ijtimoiy tarmoqlarda nishonlashdi. Lyuk Shou Instagram sahifasida Garnacho bilan to'qnashuv aks etgan suratni joyladi va unga Bruno Fernandes, Diogo Dalot hamda Meyson Maunt kabi o'yinchilar layk bosishdi. Ma'lumotlarga ko'ra, mankunianliklar Garnachoning Ruben Amorim bilan kelisha olmay, 40 mln funt evaziga London klubiga ketganidan so'ng uning omadsizligini adolatli deb hisoblamoqda.
Hozirda "Chelsi" ketma-ket beshta o'yinda gol ura olmay mag'lub bo'ldi, bu klub tarixida 1912 yildan beri kuzatilmagan eng yomon natijadir. 40 ta o'yinda bor-yo'g'i 8 ta gol urgan Garnacho so'nggi oltita bahsda asosiy tarkibga kiritilmadi. London klubi rahbariyati yozgi transfer oynasida yosh futbolchini sotib yuborish variantini ko'rib chiqmoqda.
































Izohlar 0
…