Abdusattorov yetakchi, Sindarov yaqinlashmoqda: reytingda keskin kurash...

Yaqinda yakunlangan Nomzodlar turniri «FIDE Circuit 2026–27» reyting jadvalida jiddiy oʻzgarishlarga sabab boʻldi. Yangi natijalarga koʻra, kuchli shaxmatchilar oʻrtasidagi raqobat yanada qizgʻin tus olmoqda.
Hozirgi holatda Nodirbek Abdusattorov 48.92 ochko bilan reyting peshqadami boʻlib turibdi. Qizigʻi shundaki, u mart oyi boshidan beri klassik shaxmat oʻynamaganiga qaramay, birinchi oʻrinni saqlab qolishga muvaffaq boʻldi. Bu esa uning avvalgi natijalari qanchalik kuchli boʻlganini yana bir bor isbotlaydi.
Uning eng yaqin taʼqibchisi — Javohir Sindarov. U Kiprdagi muvaffaqiyatli ishtirokidan keyin 46.17 ochko jamgʻarib, yetakchidan atigi 2.75 ochkoga ortda qolmoqda. Demak, yaqin turnirlarda lider almashishi ehtimoli juda yuqori.
Uchinchi oʻrinda esa taniqli grossmeyster Fabiano Karuana (25.65) joylashgan. Shuningdek, Nomzodlar turnirida yuqori natija qayd etgan Anish Giri va Vey Yi ham kuchli oʻntalikdan joy oldi.
Qolgan pozitsiyalarda Jorden van Forest, Aram Akopyan, Roman Dehtiyarov, Vasil Ivanchuk va Aydin Sulaymonli kabi tajribali shaxmatchilar oʻrin olgan.

Qisqacha aytganda, reytingdagi holat tinch emas — har bir turnir pozitsiyalarni agʻdarib yuborishi mumkin. Hozircha Abdusattorov oldinda, lekin Sindarov nafasini yelkaga tekkazib turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!