Fabregas A Seriya turnir jadvalidagi o'rniga e'tibor bermayotganini ma'lum qildi

«Komo» bosh murabbiyi Sesk Fabregas A Seriya peshqadami «Inter»ga qarshi kechgan dramatik bahsdan so'ng o'z jamoasining o'yinidan faxrlanishini bildirdi. «Stadio Sinigalya»da o'tgan uchrashuvda mezbonlar 4:3 hisobida imkoniyatni boy bergan bo'lsa-da, ispaniyalik mutaxassis natijadan ko'ra jamoasining uzoq muddatli rivojlanishiga e'tibor qaratmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Uchrashuv davomida «Komo» Aleks Valle va Niko Pasning gollari evaziga ikki to'pli ustunlikka ega bo'lgan edi. Biroq «Inter» hujumchilari Markus Tyuram va Denzel Dumfrisning dubllari evaziga vaziyatni o'zgartirishga muvaffaq bo'ldi.

Bu «Komo» uchun A Seriya tarixida ikki to'p farqi bilan oldinda borib, mag'lubiyatga uchragan ilk o'yin sifatida qayd etildi.
Fabregas o'yindan so'ng bergan intervyusida turnir jadvalidagi o'ringa qiziqmasligini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, jamoasi chempionat yetakchisiga qarshi 20 ta zarba yo'llagani taktik o'sishdan dalolat beradi.

Murabbiy o'z shogirdlarining jasorati va xarakterini yuqori baholab, xatolar yosh jamoa uchun tabiiy hol ekanini qayd etdi.
«Komo» prezidenti Mirvan Suvarso ham Fabregasning faoliyatiga yuqori baho berib, kelajakda u «Arsenal», «Barselona» yoki «Chelsi» kabi grand klublarni boshqarishi mumkinligini istisno qilmadi. Hozirda jamoa 5-o'rinda bormoqda va oldinda ularni «Sassuolo»ga qarshi bahs hamda Italiya kubogi yarim finali doirasida «Inter» bilan javob o'yini kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!